background
logotype
image1 image2 image3

Hayoti oxirlagan kishi huzurida...

Savol: Yurtchilik ekan, goho hayot bilan vidolashayotgan yaqinlarimiz va tanishlarimiz huzurida bo'lishga to'g'ri kelib qoladi. Shunday hollarda qaysi amallarni qilib turish kerak bo'ladi?

Javob: Hayoti oxirlagani sezilgan kishi o'ng yoniga yonboshlatib, yuzini qiblaga qaratib yotqiziladi. Bu ish sunnatdir. Bunday yotqizish qiyin bo'lsa, qulay bo'lgan holatda yotqizish ham joiz. Oyoqlari bo'shashib qolishi, burunning qiyshayishi, chakaklarning tundlashishi kishi hayotining oxirlab qolganini bildiradi. Uning huzurida eshittirib shahodat kalimasi («Ashhadu alla ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan 'abduhu va rasuluh») aytib turiladi. Bemorga ayt, deb buyurilmaydi. Bemor yotgan xona xushbo'y qilinadi.

Bemorning hayoti tugab nafasi to'xtagach, iyagi bog'lanadi, ko'zlari yumib qo'yiladi. Uning ko'zini yumib qo'yuvchi odam «Bismillahi va 'ala millati rasulillahi», deb aytishi kerak. Qo'llarining panjalari yoyilib yoniga qo'yiladi, oyoqlarining bosh barmoqlari juftlab bog'lanadi. Qorni shishmasligi uchun unga oyna yo pichoq kabi narsa qo'yiladi. Bu ishlarning barchasi marhumga ozor bermay bajarilishi kerak. Joni uzilgan kishi quruq va balandroq joyga yotqiziladi. Kiyimlari yechilib, usti yopib qo'yilishi mustahab bo'ladi.

So'ng qo'shnilar va yoru do'stlariga janozada hozir bo'lishlari va hayotdan o'tganning haqiga duo qilishlari uchun xabar berish mustahabdir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.