background
logotype
image1 image2 image3

Qanday qilsam, bomdod namozini vaqtida va jamoat bilan o‘qiyman?

Savol: Bomdod namozini kamdan-kam holda o‘z vaqtida o‘qiyman. Goho quyosh chiqib bo‘lganidan keyin yo uni jamoat o‘qib bo‘lgach, uyg‘onaman. Qanday qilsam, bomdod namozini vaqtida va jamoat bilan o‘qiyman? Maslahat bering.

Javob: Avvalo, bomdod namozi fazilatini bilib, unga erishishni maqsad qilish kerak.

Imom Muslim va Termiziy Rasulullohdan (s.a.v.) shunday rivoyat qiladilar: «Kim bomdod namozini jamoat bilan o‘qisa, butun kecha namoz o‘qiganlik savobiga erishadi».

Rasululoh (s.a.v.) marhamat qiladilar: «Bomdod namozini o‘qigan mo‘min Allohning hifzu himoyasida bo‘ladi» (Imom Buxoriy va Tabaroniy rivoyatlari).

Imom Buxoriy rivoyat qilgan sahih hadisda: «Kim ikki bardni o‘qisa, jannatga kiradi», deyilgan. Ikki bard - bomdod va asr namozlaridir.

Ikkinchidan, musulmon odam bomdod namozini qoldirish qanchalar og‘ir ekanini bilmog‘i lozim. Rasululloh (s.a.v.): «Munofiqlar uchun eng og‘ir namoz - xufton va bomdod namozidir», deganlar.

Bu aytilganlarga qanoat qilgan mo‘min bomdod namozini vaqtida o‘qish uchun yana: erta yotishi; bomdod namoziga turmoq uchun niyat va qaror qilishi; uxlashdan oldin tahorat olishi va Allohni yodlab uyquga ketishi; uyqudan uyg‘ongan zahotiyoq Alloh taoloni zikr etishi; namozga turmoq uchun ahli oilasidan va solih kishilardan yordam so‘rashi; Parvardigorga iltijo qilib, bomdod namozini jamoat bilan ado etishga muvaffaq qilishini so‘rashi; qo‘ng‘iroqli soatdan foydalanishi kerak.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.