background
logotype
image1 image2 image3

Keksalarimiz duo qilishganida ko‘pincha "Nomai a'molimizni o‘ng qo‘ldan bergin", deyishadi. Nomai a'mol o‘zi nima degani?

Savol: Keksalarimiz duo qilishganida ko‘pincha "Nomai a'molimizni o‘ng qo‘ldan bergin", deyishadi. Nomai a'mol o‘zi nima degani?

Javob: Bandalarning nomai a'mollari ularning toat va gunohlari yozilgan kitobning hakligiga ishonish ahli sunnat val jamoa aqidasining bir qismidir. Qiyomatda mo‘minlarning nomai a'mollari o‘ng tomonlaridan, kofirlarning nomai a'mollari orqa va chap tomonidan berilishi haqdir. Qur'oni karimda bunday marhamat etiladi: "Ana endi kimning nomai a'moli o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak. Va o‘z(ining jannatdagi) ahli-oilasiga shodu xurram holda qaytajak. Endi kimning nomai a'moli orqa tomonidan berilsa, bas, u o‘limni chaqirib qolajak va do‘zaxga kirajak. Darvoqe, u (hayoti dunyodalik paytida) ahli-oilasida (o‘z kufru isyoni bilan) shodu xurram edi. Albatta u o‘zining hech qachon (Parvardigori huzuriga) qaytmasligiga ishonar edi. Yo‘q, Parvardigori uni shubhasiz ko‘rib turguvchi edi" (Inshiqoq surasi, 7-15-oyatlar mazmuni). Har bir kishining qilgan ishlari uning ikki tomonidagi farishtalar (kiroman kotibiyn) tomonidan yozib boriladi. Qur'oni karimda bunday mazmunli oyat kelgan: "Biz qiyomat kuni unga ochiq holda ro‘baro‘ bo‘ladigan bir kitobni (nomai a'molini) ko‘rsaturmiz" (Isro surasi, 13-oyat).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.