background
logotype
image1 image2 image3

Ba'zi do‘stlarimiz insonlar o‘lganidan keyin qayta tirilishiga astoydil ishonishmaydi. Bu bilan ularning iymoniga xalal yetmaydimi?

Savol: Ba'zi do‘stlarimiz insonlar o‘lganidan keyin qayta tirilishiga astoydil ishonishmaydi. Bu bilan ularning iymoniga xalal yetmaydimi?

Javob: O'lgandan so‘ng qayta tirilishga ishonish iymonning bir shartidir. Alloh taoloning amri bilan Isrofil alayhissalom ikkinchi sur tortganlaridan so‘ng barcha jonzotlar, jumladan, insonlar tiriladi. Ularning asl jasadlariga ruhlari qaytariladi va ular qabrlaridan chiqib mahshargohga to‘planishadi hamda hisobga tortilishadi.

O'lim - insonning dunyo hayotidagi faoliyatiga nuqta qo‘yuvchi va oxirat hayotining boshlanishini bildiruvchi bir marra. Inson o‘lishi bilan uning oxirat hayoti boshlanadi. Mo‘minlar o‘limdan keyin tirilib mahshargohda to‘planishlariga, qilgan yaxshi va yomon amallardan hisob berishlariga iymon keltirishlari vojibdir. Amallar Haq tarozusi (Mezon)da tortilib, yaxshi amalli, iymonlilar abadiy orom-farog‘at maskani - jannatga kiradi, iymonsizlar va ayrim gunohkorlar do‘zaxga tashlanadi.

Modomiki, dunyoga kelgan ekanmiz, bu yerda bir qancha islomiy, insoniy vazifalarimizni o‘tashimiz, Allohning buyurganlarini bajarishimiz kerak bo‘ladi. Bunga osiylik qilganlar esa Allohning g‘azabi va jazosiga duchor bo‘ladilar. Oxiratdagi baxtli-saodatli va osoyishta hayot bu dunyodagi qilgan amallarimizga, savobli, xayrli ishlarimizga bog‘liq. Qur'oni karimda: "Biz sizlarni (erdan) yaratdik, yana unga qaytarurmiz va (qiyomat kunida) sizlarni yana bir bor undan chiqarurmiz" (Toha surasi, 55-oyat), deyilgan. Buni inkor qilish Qur'onni inkor etishdir, bu esa kufri mujibdir. O'limdan so‘ng qayta tirilmoqqa ishonish iymon shartlaridan biridir. Mo‘minning aqli bilan kofirning aqli shu nuqtada farqlanadi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.