background
logotype
image1 image2 image3

Taom yeyishda ham farz bor, deb eshitdim. Shuni tushuntirib berolmaysizmi?

Savol: Taom yeyishda ham farz bor, deb eshitdim. Shuni tushuntirib berolmaysizmi?

Javob: Darhaqiqat, taom yeyishda ham farz bor. Ularni bilish va amal qilish dunyo hamda din saodatining muhim omili hisoblanadi. «Farzi ayn» kitobida taom yeyishda to‘rt farz borligi qayd qilingan. Ulardan birinchisi xalqum pokligidir. Ya'ni, tanovul qilinayotgan taom dinimiz nuqtai nazaridan halol bo‘lishi va halol yo‘llar bilan topilishi lozim. Xalqum pokligining bu ikki qanotini asrash imon taqozosidir.

Rizqning Alloh taolodan ekaniga iqror bo‘lish taom yemoqning ikkinchi farzidir. Har bir mo‘minning e'tiqodi shunday bo‘lishi kerak. Zotan, Alloh taolodan o‘zga rizq berguvchi yo‘qdir.

Nasibaga rozi bo‘lish taom yemoqning uchinchi farzidir. Rizqni Alloh taolo berar ekan, kimga qancha berishni ham O‘zi biladi. Alloh taoloning berganiga rozi bo‘lib, uni ziyoda etishni so‘rash mo‘minning xislatidir.

Taom yemoqning so‘nggi farzi taom quvvatini gunohga sarflamaslikdir. Yeyilgan narsadan tanaga quvvat bo‘lishi Alloh marhamatidir. Bu quvvatni gunohga emas, toatga sarflash ayni ubudiyat bo‘lishi bilan birga nasibaning farovon bo‘lishi garovidir. Zero, shukr etish ne'mat ziyoda bo‘lishiga boisdir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.