background
logotype
image1 image2 image3

O‘nta fitriy (xos insoniy) odoblar

Savol: Yaqinda kitoblardan birida: «Inson o‘nta fitriy (xos insoniy) odoblarni odat qilishi kerak», degan gapni o‘qib qoldim. Ular qaysilar?

Javob: Imom Muslim, Ahmad va boshqalar Oisha onamizdan (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qildilar: «O‘n narsa - mo‘ylabni qisqartirish, soqol qo‘yish, tishni misvok bilan tozalash, burunni suv bilan chayish, tirnoqni olish, bo‘g‘imlarni yuvish, qo‘ltiq tuklarini yulish, kindik osti tuklarini tozalash, suv bilan tozalanish, og‘izni suv bilan tozalash xos insoniy odatlardir».

1. Xatna. «Xatna sunnati muakkadadir. Musulmonlarga xos odatdir. Erkaklarga uni tark qilish joiz emas».

Barcha ulamolarning fikri shunday. Xatnani farz degan ulamolar ham bor.

Bola yosh bo‘lganida uni xatna qilish fazilatlidir. Bolani aynan necha yoshga kirganida xatna qilish borasida esa, fikrlar turlichadir. Ularni bu yerda keltirish imkoni yo‘q.

Nasroniylarning xatnani rad qilishlari ajablanarlidir. Ular xatna qilganni qoralashadi. Xatna qilmaslik bilan faxrlanishadi. Xatna qilmaslikni aqidalari va dinlaridan deb bilishadi.

2. Kindik osti tuklarini tozalash. «Kindik osti tuklari» deyilganida jinsiy a'zo va ort yo‘l atrofidagi tuklarni tushunish kerak. Mazkur o‘rinlarni toza tutish uchun undagi tuklarni ketkazish erkak va ayolga sunnatdir. U tuklarni yulib tozalasa ham bo‘ladi, ammo qirib tozalash afzaldir.

3. Qo‘ltiq tuklarini tozalash. Qo‘ltiq tuklarini yulish ham erkak va ayolga sunnat. Ulamolar bunda yakdillar. Bu tuklarni qirib tozalashdan yulib tashlash yaxshiroq. Ularni yulish og‘rig‘iga chidamagan kishi qirib tozalasa ham bo‘ladi.

Qo‘ltiq ko‘p terlaydigan o‘rin. U yerlardagi tuklarda kir yig‘ilib qolishidan badbo‘y hid paydo bo‘ladi. Shuning uchun u tuklar yulib tashlanadi.

4. Mo‘ylabni qisqartirish. Ulamolarning fikri bir xil: mo‘ylabni qisqartirmay qo‘yish makruh, lab cheti ko‘rinadigan qilib uni qisqartirish sunnat. Mo‘ylab lab chetidan o‘tib ketadigan darajada o‘smasligi kerak. Mo‘ylabni lab chetidan oshirib o‘stirish kofirlar odatidir.

 5.Soqol qo‘yish. Soqolga tegmay, qirmay o‘stirish Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamning sunnatlaridan biridir. Bu sunnatni Payg‘ambarimiz alayhisalom so‘zda va amalda ta'kidlaganlar. Musulmonning bu sunnatga amal qilgani yaxshi.Xossatan, ulamo va mashoyixlar bunga amal qilishlari zarur.

6.Tirnoqni olish. Erkak va ayollarga tirnoq olish sunnat. Tirnoqni o‘stirib yurish sunnatga zid bo‘lganidan makruhdir.Tirnoqning o‘sgan qismi kir to‘planadigan joydir, qo‘ltiq va kindik osti tuklari kabi inson olib tashlaydigan jismning kir bo‘lagidir.Tirnoqlarini uzun qilib, ularga xilma-xil bo‘yoqlar bilan ishlov berishga pul va bo‘yoqlar sarflaydigan ayollar o‘ylaganidek, tirnoqni o‘stirish ziynat emas.

7.Istinjo. Istinjo tahorat masalalaridan biri. Istinjo - najasni  chiqish joyidan ketkazish va najas chiqqan joyni kesak, yomon latta kabi najasni oladigan biror narsa bilan tozalashdir.Bundan so‘ng najas chiqqan yo‘lni suv bilan  yuvish fazilatlidir.

Erkaklarga siyganlaridan so‘ng siydik yo‘lida qolgan tomchilarning chiqishiga ta'sir qiladigan harakatlar yo bir odim bo‘lsa-da yurish vojibdir. Siydik yo‘lida tomchisi qolmaganiga ko‘ngil taskin topsa, suv bilan yuvsa bo‘ladi. Ayollar siydikdan bo‘shanganlaridan so‘ng ozgina kutishlari kifoya.

8.Bo‘g‘imlarni yuvish. Quloq burmalari, burun kataklari, kindik chuqurlari, ko‘z qovoqlari kabi, odatda badanning kir to‘planadigan barcha burmali o‘rinlari bo‘g‘imlar qatoriga kiradi. Poklik va yoqimli hidni yo‘qotmaslik uchun badanning bu o‘rinlarini e'tibor bilan yuvish sunnatdir.

9.Og‘izni tozalash. Kishining badbo‘y hidi, xususan, og‘zining hidlanishi atrofdagilarga ozor berishi ma'lum.

Milkning yallig‘lanishi, tishda tozalanmasdan qolgan taomlarning sasishi, piyoz, sarimsoq kabi hidli narsalarni yeyish, ko‘p odamlar o‘rgangan yomon odat-chekish og‘iz hidlanishining sabablaridandir.

Og‘izning tozaligiga e'tibor berish sunnatdir. Tishlarni misvok bilan tozalash fazilatlidir. Zero, misvok ishlatish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlaridandir.

10.Sochni parvarishlash. Sochni parvarishlash sunnatdir. Soch sirka va bit kabi tekinxo‘rlarga uya bo‘lmasligi uchun vaqtida yuvib turish, tarab, o‘rish bilan parvarishlanadi.

Sochdagi oq tuklarni yulib tashlash makruhdir. Zero, sochdagi oq musulmon uchun nur va ulug‘vorlikdir.

Ayollar sochlariga boshqa sochni, sun'iy bo‘lsa ham ulashlari  haromdir.

Imom Buxoriy va Muslim Payg‘ambarimiz  sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: «Birovning sochiga yo o‘z sochiga boshqa sochni ulagan ayolni, ulab qo‘yishni so‘ragan ayolni Alloh taolo la'natlaydi».

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.