background
logotype
image1 image2 image3

Mo‘tabar, ulug‘ kishilarning qo‘lini o‘pish odati mavjud. Bu mavzuga islom qanday qaraydi?

Savol: Mo‘tabar, ulug‘ kishilarning qo‘lini o‘pish odati mavjud. Bu mavzuga islom qanday qaraydi?.

Javob: Qo‘lni o‘pish sabab va boisga qarab hukm qilinadigan amallardandir. Agar qo‘lni o‘pishdan kishining qasdi nifoq yoki riyo bo‘lsa, bu - razolatdir. Agar murod ulug‘lash va ta'zim, yoki muhabbat va shukronadan ta'bir etish bo‘lsa, bu go‘zal amaldir.

Shu sababli ham bu xususdagi rivoyatlar turlicha. Ulardan ba'zilari bu amalni yomon sanasa, ayrimlari uni mahbub ko‘radi.

Rivoyat etilishicha, bir kishi Hishom ibn Abdulmalik huzuriga kirib, qo‘lini o‘pdi. Shunda u bunday dedi: «Qo‘lni arab o‘psa qo‘rqqanidan o‘padi, ajam o‘psa itoatkorligidan o‘padi». Yana boshqa rivoyatda kelishicha, bir kishi Ma'mundan qo‘lini o‘pishga izn so‘radi. U esa shunday javob qildi: «Albatta o‘pish mo‘mindan sodir bo‘lsa xorlikdir, zimmiydan esa hiyladir. Sening xor bo‘lishingga, bizning esa aldanishimizga hojat yo‘qdir».

Quyidagi rivoyatlar esa buning aksidir. Abdulloh ibn Umardan shunday rivoyat qilinadi. «Biz Payg‘ambarning (s.a.v.) qo‘llarini o‘par edik». Imom G‘azzoliy aytadilar: «Dinda ulug‘langan kishing qo‘lini tabarruk sanab va hurmatlab o‘pishning zarari yo‘qdir». Ka'b ibn Molik aytadilar: «Tavbam qabul qilinganda, Payg‘ambarning (s.a.v.) oldilariga borib, qo‘llarini o‘pdim».

Rivoyat etilishicha, bir a'robiy: «Ey Rasululloh, ruxsat bering, boshingiz va qo‘lingizdan o‘pay», dedi. Payg‘ambar (s.a.v.) izn berdilar va u shunday qildi. Abu Ubayda (r.a.) Umar ibn Xattobga (r.a.) yo‘liqqanlarida, u zotni quchoqladilar va qo‘llaridan o‘pdilar. Va chetga chiqib ikkovlari yig‘lashdi.

Ko‘ryapsizki, agar qo‘lni o‘pish yaxshi maqsadda bo‘lsa, yaxshi,  su'istemol qilinganda esa, razolatdir.

Shunga binoan ota-onaning, ustozning, ruhiy murshidning, solih valiyning yoki ulug‘ kishilarning qo‘llaridan o‘pish qanday ham go‘zal amaldir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.