background
logotype
image1 image2 image3

Bir do‘stimiz: «Aksirish yaxshi-yu esnash yomon», deb qoldi. Shu gapda jon bormi?

Savol: Bir do‘stimiz: «Aksirish yaxshi-yu esnash yomon», deb qoldi. Shu gapda jon bormi?

Javob: Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilinishicha: «Albatta Alloh taolo aksirganlarni yaxshi ko‘radi va esnaganlarni yomon ko‘radi. Bironta musulmon aksirib Allohga hamd aytganda, buni eshitgan har bir musulmonning «Yarhamukalloh», deb javob qaytarishi uning gardanidagi burchidir. Esnash esa shaytondandir. Birontangiz esnamoqchi bo‘lsangiz, toqatingiz yetguncha qaytaring, chunki esnasangiz, shayton ustingizdan kuladi».

Demak, musulmonlar aksirsalar, «Alhamdulillah», deya Allohga hamd (shukr-maqtov) aytishlari, bunga javoban esa boshqalar «Yarhamukalloh» («Alloh rahm-shafqat qilsin»), deyishlari kerak. Bunga javoban esa aksirgan kishi «Yahdikumullohu va yuslih bolakum» («Alloh hidoyatga boshlasin va qalbingizni isloh qilsin»), deydi. Chunki aksa urish bemorlik alomati emas, tani sog‘lik belgisidir. Boshqa dindagilar esa kasallik alomati, deb «Sog‘ bo‘ling», deydi. Biror musulmon aksa urib Allohga shukr aytsa, unga uch martagacha javob qilinadi, ortig‘iga javob yo‘q, chunki ortig‘i tumov belgisi bo‘lishi mumkin.

Payg‘ambarimiz alayhissalom aksirganlarida qo‘l yoki etaklari bilan og‘izlarini berkitardilar. Bu yaxshi odat. Chunki aksirganda og‘izdan tupuk sachrashi yoki ovoz qattiq chiqib, atrofdagilarni cho‘chitishi mumkin.

Rasulullohdan (s.a.v.) shunday rivoyat qilingan: «Oralaringizdan bironta kishi esnasa, qo‘li bilan og‘zini berkitsin, chunki shayton og‘ziga kiradi». Shuning uchun esnoq kelganda, iloji boricha qaytarish kerak. Qaytarmasangiz, chap qo‘l bilan og‘zingizni yoping. Esnaganda aslo uvillamang, ovozingizni ko‘tarmang, chunki shayton ustingizdan kuladi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.