background
logotype
image1 image2 image3

Bemor ko‘rishning ham o‘ziga xos tartiblari bor, deb eshitdik. Shu haqda ma'lumot berolmaysizmi?

Savol: Bemor ko‘rishning ham o‘ziga xos tartiblari bor, deb eshitdik. Shu haqda ma'lumot berolmaysizmi?

Javob: Rasulullohdan (s.a.v.) rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, mo‘minlarning bir-birlarida haqlari oltita bo‘lib, shulardan biri betob bo‘lganida yo‘qlashdir. Alloh taolo Qiyomat kuni aytadi: «Ey inson farzandi, betob bo‘ldim, meni kelib ko‘rmading». U odam aytadi: «Ey Rabbim, Sen butun olamning Parvardigori bo‘laturib, men Seni qanday ko‘rishim mumkin edi?» Alloh aytadiki: «Falonchi odamni betobligida borib ko‘rmading-ku, agar borganingda uning oldida Meni topgan bo‘larding!»

Qarindosh, qo‘shni yoki do‘stlaringizdan birovining xasta bo‘lganini eshitganingiz zahoti uni yo‘qlab ko‘rgani boring. Bordi-yu, uning xastaligi og‘ir bo‘lsa yoki tabiblar uning yoniga kirishni man qilgan bo‘lishsa yoxud bu uni bezovta qiladigan bo‘lsa, u holda hol-ahvolini uyidagilardan so‘rash bilan qanoatlanavering.

Kasal ko‘rgani borganingizda kasal yonida uzoq o‘tirmang, ko‘ngliga og‘ir keladigan, qayg‘uli so‘zlarni gapirmang, xastaligiga sabab bo‘lgan narsalardan saqlanmagani uchun tanbeh bermang, kasallikning og‘irlashuvi yoki o‘lim bilan qo‘rqitmang.

Uning shikoyatlarini iloji boricha erinmay eshiting, peshonasiga qo‘lingizni qo‘ying, chiroyli so‘zlar va sabrga da'vat etish bilan ko‘nglini ko‘taring, oz kunlarda shifo topib, bardam bo‘lib ketishiga tilak bildiring. Alloh taolodan uning salomatligini tiklashni so‘rab duolar qiling.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.