background
logotype
image1 image2 image3

Ayollarga qarash ham zinomi?

Savol: Bir do‘stimiz "Nomahram ayollarga qarash ham zinoga kiradi", dedi. Uning gapi asoslimi? Shu haqda batafsilroq tushuncha bersanglar.

Javob: Alloh taolo inson vujudining ba'zi joylariga qarashni harom qilgan. O'sha joylarga qarashdan ko‘zni tiyish odamni juda ko‘p yomonlik va zararlardan to‘sadigan birinchi qalqondir. Shu bois Alloh azza va jalla erkak va ayollarga ko‘zni tiyishni amr etgan.

Nur surasining 30-31-oyatlari mazmuni bunday: "Mo‘min erkaklarga ayting: ko‘zlarini tiysinlar va avratlarini saqlasinlar! Bunday qilish gunohdan saqlanishlari uchun yaxshidir. Alloh taolo ularning amallaridan xabardordir. Mo‘mina ayollarga ayting: ko‘zlarini tiysinlar va avratlarini saqlasinlar. Kaft va yuzlaridan o‘zga ziynat joylarini ko‘rsatmasinlar!"

Hech kim "qarash" va "ko‘z tashlash" masalasiga beparvo bo‘lmasligi kerak. Zero, qarash va ko‘z tashlash juda ko‘p buzuqliklarning kalytidir. Yot ayolga ko‘z tashlab, uni yoqtirib qolganidan o‘zining xotiniga xiyonat qilgan yoki talog‘ini berib yuborgan yo hayoti buzilib, uyidan ketib qolgan erkaklar ozmi? O'zga erkakni sevib, unga moyil bo‘lganidan eriga xiyonat qilgan yoki oila va bola-chaqasini tashlab ketgan ayollar-chi? Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ko‘z tashlashdan, mahram bo‘lmagan ayollarga qarashdan qaytarganlar. Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bexosdan qarash haqida so‘radim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ko‘zingni chetga bur!" dedilar" (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyatlari).

Bu gunoh qilmayin, desang, ko‘zing bexosdan tushgan narsaga diqqat qilma, demakdir.

Bexosdan qarash biror kishiga qasdsiz ko‘z tushishidir. Qasd bo‘lmaganidan bunday ko‘z tushishida gunoh bo‘lmaydi. Imom Muslim, AbuDovud, Nasaiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Zinodan odam bolasiga ulushi belgilangan. Unga shubhasiz yetadi. Qarash ikki ko‘zning zinosi, eshitish ikki quloq zinosi, so‘z tilning zinosi, ushlash qo‘lning zinosi, yurish oyoq zinosidir. Qalb moyil bo‘ladi va orzu qiladi. Uni farj tasdiq qiladi yo bekorga chiqaradi".

Zino er-xotin bo‘lmagan erkak bilan ayolning bir-biridan bahra olishi, lazzatlanishidir. Bu lazzatlanishda insonning hamma a'zolari ishtirok etadi. Shunday ekan, hadisda kelganidek, har bir a'zoning zinodan ulushi bor. Ammo a'zolarning zinosi hali ulkan gunoh emas, ulkan gunoh farj zinosidir va bu haqiqiy zinodir. Odatda "zino" deyilganda ana shu tushuniladi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.