background
logotype
image1 image2 image3

Sigaret va nos chekishning hukmi qanday?

Savol: Sigaret va nos chekishning hukmi qanday?

Javob: Sigaret va nos insoniyat «keksayib» topgan kasalliklaridan biridir. Nabiy (s.a.v.) davrlarida ham, sahobalar va tobe'inlar davrida ham sigaret va nos yo‘q edi.

«O‘zingizni halokatga tashlamang» (Baqara surasi, 195-oyat); «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta Alloh sizlarga rahmlidir» (Niso surasi, 29-oyat); «Bugun sizlarga barcha pokiza narsalar halol qilindi» (Moida surasi, 5-oyat) kabi oyatlarga asoslanib, aksar fatvo kitoblarida sigaret va nos chekish harom deyilgan.

Ummu Salama onamiz (r.a.): «Rasululloh (s.a.v.) har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi, zaiflashtiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytarar edilar», deydilar. Imom Ahmad va Ibn Mojalar rivoyat qilishgan boshqa bir hadisda: «Islomda o‘ziga ham, o‘zgaga ham zarar yetkazish yo‘q», deyilgan. Kashandalik esa, ham o‘ziga zarar, ham o‘zgalarga.

Tamaki tutunining tarkibida to‘rt mingga yaqin modda bo‘lib, hammasi inson salomatligini yemiruvchi ekani tibbiy tajribalarda sobit bo‘lgan.

Inson - Allohning mukammal tarzda yaratgan maxluqidir. Uning tanasidagi qon tomirlari uzunligi bir yuz ellik ming km.ni tashkil qiladi (ikki kishining tomirlari birlashtirilsa, Oyga yetadi). Sigaret qon tarkibi va aylanishini buzadi, tomirlarni qotiradi. Nosning zarari ham tutunnikidan kam emas.

Har kuni o‘rtacha bir quti tamaki chekish bir yarim soat vaqtni oladi. Bu hisob bir yilda yigirma uch kunni, o‘n olti yilda esa, to‘liq bir yilni tashkil etadi.

Kashandaning bolalari bir yilda sakson-to‘qson quti chekkandek zaharlanadi.

O‘rtacha narxdagi sigaret chekuvchi bir yilda yuz ming so‘m pulni tutunga aylantiradi.

Bir marta tutun puflash atrofni yetmish milligramm kukun, yigirma besh milligramm karbonooksid bilan zaharlaydi.

Tamaki o‘rash uchun eng sifatli suv qog‘ozlar ishlatiladi. Agar bu qog‘ozlar kitob bosish uchun ishlatilsa bormi... Oddiy bir qiyos: bitta kashandaning umr bo‘yi chekkan tamakisi qog‘oziga uch ming betlik kitob bosish mumkin.

Xullas, ularning iste'moli ulamolarimiz ijmoiga ko‘ra man qilingan.

(Musulmonlarning «Taqvim kitobi» asosida.)

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.