background
logotype
image1 image2 image3

Bor gapni aytish g'iybat sanalmaydimi?

Savol: Suhbatdoshlarimdan biriga «G'iybat qilmang», degan edim, u «Bor gapni gapiryapman», deb so'zidan to'xtamadi. Bor gapni aytish g'iybatsanalmaydimi?

Javob: «G'iybat» - lug'atda «uzoqlashmoq», «ko'zdan yo'qolmoq», «yashirin qolmoq» kabi ma'nolarni bildiruvchi «g'ayb» so'zining o'zagidan olingan. G'iybat - kishining ortidan ham yaxshi, ham yomon so'zlar bilan eslashni ifodalasa-da, ko'pincha yomon so'z bilan eslash ma'nosida ishlatiladi. Qur'oni karimning Hujurot surasida g'iybat qilish o'lgan birodarining go'shtini yeyishga o'xshatilgan.

Kishining o'zi yo'qligida uning moddiy, badaniy, ma'naviy-axloqiy ayblari haqida gapirish g'iybat hisoblanadi. G'iybat nafaqat so'z bilan, balki yozuv, imo-ishora va taqlid kabi harakatlar bilan ham bo'lishi mumkin. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishi ortidan unda bor ayblarni aytish g'iybat, unda yo'q ayblarni unga bog'lash esa tuhmat (bo'hton) ekanini aytganlar. G'iybat qiluvchi ikki haqni - Alloh taoloning va bandaninghaqqini poymol qilgan bo'ladi.

G'iybat qilish kabi uni tinglash ham haromdir. Islom ulamolari fikricha, biror zarar tug'ilish ehtimoli bo'lmasa, g'iybatdan qaytarish, buning imkoni bo'lmasa, An'om surasi 68-oyati hukmiga ko'ra, g'iybat bo'layotgan majlisni tark etish, bu ham mumkin bo'lmasa, g'iybatga qarshi norozilik kayfiyatida boshqa narsalar bilan mashg'ul bo'lish kerak.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.