background
logotype
image1 image2 image3

Hajning maqbul bo‘lish shartlari qanday?

Savol: Har yili minglab yurtdoshlarimiz haj qilishadi. Ana shu mashaqqatli ibodatning maqbul bo‘lish shartlari qanday?

Javob: Haj ibodati davomida biror gunoh qilmagan, buzuq so‘zlar aytmagan hoji onadan yangi tug‘ilganidek gunohlaridan pok bo‘ladi. Bu Rasuli akramning (s.a.v.) bashoratlaridir.

Buning uchun hoji:

- haj arkonlari va amallarini to‘la bajarishi, eng avvalo, niyatni xolis qilishi kerak. Zero, amallar natijasi niyatga bog‘liq. Har bir kishiga niyat qilgani bo‘ladi;

- musulmon uchun eng muhim ishlardan yana biri topgan va to‘plagan moli, mablag‘ining halol, pok bo‘lishidir. Bu uning barcha yaxshi amallari, jumladan, haj ibodatining ham maqbul bo‘lish shartlaridandir. Alloh taolo pokdir. Faqat pok amalni qabul qiladi;

- agar zimmasida qarzi bo‘lsa, ularni uzishi, olgan omonatini qaytarishi, undan ranjiganlarning ko‘nglini olishi, qaytib kelgunicha qaramog‘idagilarga yetadigan nafaqani hozirlashi kerak. Bandaning boshqa bir banda zimmasidagi haqqini o‘sha odam kechmagunicha Alloh taolo kechmaydi;

- haj yo‘liga tushgan mo‘min o‘tgan gunohlariga chin dildan tavba qilishi, o‘zini go‘yo dunyodan oxiratga o‘tayotganday his etishi, solih amallar qilishga shoshilishi lozim. Alloh taoloning roziligidan boshqa o‘y-xayollarni qalbidan chiqarishi kerak;

- muborak haj safarida hoji yo‘ldoshlari bilan go‘zal munosabatda bo‘lish lozim. Ular bilan tortishmasligi, ularning e'tiroziga bois bo‘luvchi ishlarni qilmasligi, ularga ozor yetkazmasligi, ozorlariga sabr qilishi kerak;

- safari davomida gunohdan, behuda ishlardan va buzuq so‘zlardan yiroq bo‘lishi va qolgan hayotida ham bunga doimo qat'iy amal qilishi lozim;

- ehromda bo‘lganida birinchi Aqobada tosh otgunicha har namozidan so‘ng tepalik joyga chiqqanida, pastlik yerga tushganida, hojilar guruhiga yo‘liqqanida talbiya aytmog‘i kerak;

- Haram hurmatini toptamasligi, undagi giyohlarni yulmasligi, daraxt shoxlarini sindirmasligi, hayvonlarni ovlamasligi, o‘ldirmasligi kerak;

- Zam-zam suvidan to‘yib-to‘yib ichishi kerak. Boshi va tanasi ustidan uni quyishi zarur. Zam-zam suvidan to‘yib ichish nifoqdan qutilishdir. Janobi Rasululloh (s.a.v.): «Zam-zam suvi va do‘zax o‘ti kishining ichida jam bo‘lmaydi», deb marhamat qilganlar. Bu zam-zam suvi haqidagi bashoratlardandir;

- Madinai Munavvarani ham Makkai Mukarrama kabi e'zozlashi lozim;

- Rasulullohning (s.a.v.) qabrlarini ziyorat etishni g‘animat bilishi zarur. Zero, bu ishi Rasulullohni tirik chog‘larida ziyorat qilish kabidir. Rasulullohni ziyorat qilish u zotning shafoatlariga yetishuvga sabab bo‘ladi.

Dinda savolim bor


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.