background
logotype
image1 image2 image3

Qadar va taqdirning farqi bormi?

Savol: Ko‘pincha "qadar" va "taqdir" degan so‘zlarni eshitaman, ammo ma'nosini bilmayman. Ular bir xil ma'noni bildiradimi yoki farqi bormi? Javob uchun oldindan minnatdorchilik bildiraman.

Javob: Qadar haqida to‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lish uchun avval uning ma'nosini bilish lozim. Qadar - "paydo qilish, yaratish" ma'nosidadir. Qadar "yaratish" ma'nosida bo‘lgani uchun aqida bobida turli qarashlar paydo bo‘ldi. Mo‘‘taziliy va qadariylar "Yaxshiliklarni Alloh taolo xalq qiladi, yomonliklarni - bandaning o‘zi", deydi. Ularning ba'zilari "Yomonliklarni Iblis xalq qiladi, shuning uchun Alloh taolo Iblisni yaratmagan", degan aqidadadir. Bundan Iblis maxluq emas, qadim va xoliq degan ma'no chiqadi. Bu Alloh taologa shirk keltirishdir, ochiq kufrdir. Bunday tushunchadagilar shaytoniyya toifa bo‘lib, qadariylardan bir toifadir. Bu aqida majusiylar aqidasiga uyg‘un bo‘lganidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Qadariylar - ummatimning majusiylari", deganlar.

Biz - ahli sunnat val jamoa e'tiqodidagi musulmonlar barcha yaxshilik va yomonlikni Alloh taolo xalq etadi, deb e'tiqod qilamiz. Alloh taolodan o‘zga xoliq, yaratuvchi yo‘qdir. Niso surasining 78-oyatida: "Hamma narsa Allohdan deng", deya marhamat qilingan.

Shu o‘rinda "Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan bo‘lsa, yomonlik uchun jazo berish adolatsizlik bo‘lmaydimi?" degan o‘yga bormaslik kerak. Zero, Alloh taolo bizlarni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytargan. Biz shu amrga bo‘ysunmay, ixtiyorimiz bilan yomonlikka qo‘l urganimiz uchun jazolanamiz.

Taqdir esa - "belgilash, tayin etish" ma'nosidadir. Har bir maxluqning ko‘rinishi, husni, foydali yoki zararli ekanligi, qachon va qaerda bo‘lishi Alloh taoloning taqdiri, xalq qilishi bilan bo‘ladi. Barcha maxluqlarni va ularning fe'l-amallarini Alloh taolo yaratgan. Shu ma'noda taqdir va qadar mushtarakdir ("Lqidai Nasafiyya " va "Tamhid" kitoblari asosida).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.