background
logotype
image1 image2 image3

Pushtni tushirish mumkinmi?

Savol: Bir birodarimizning ayoli hozircha tug‘ishni istamay, pushtni tushirish (abort) uchun harakat qilyapti. Bu borada shariatning hukmi qanday? Agar tug‘ish ona sog‘ligiga xavf solsa, pusht tushirish joizmi?

Javob: Bu masalada juda ko‘p fiqhiy kitoblar ham, fuqaholarning bu haqdagi so‘zlari ham bor. Ularning xulosalaridan eng kuchli va ehtiyotlilarini quyidagi tartibda bayon etish maqsadga muvofiq:

Birinchidan, fuqaholarning hammalari pushtni jon kirgizilgandan so‘ng zaruratsiz tushirish (oldirish) harom, deb aytganlar. Ona hayoti xatarda qolishi kabi holat bo‘lganida pushtni tushirish mumkin. Hadisi shariflarda ko‘rsatilganidek, pusht yaratilishining avvalgi to‘rt oyidan so‘nggi o‘n kun ichida unga jon kirgiziladi.

Ikkinchidan, jussasidan ba'zi a'zolar: soch, barmoq, oyoq kabilar ko‘ringan va bilingan pushtni tushirish jinoyatdir. Uning tushishiga sababchi bo‘lgan odamga, ona yo boshqa bo‘lsa-da, "g‘urra" (pusht tovoni) berish vojib bo‘ladi. Ulamo va fuqaholarning bu boradagi fikrlari bunday: bu bosqichdagi pushtda jon bo‘lmaydi, shunday bo‘lsa-da, uni tushirish jinoyatdir, zaruratsiz tushirish haromdir.

Uchinchidan, ba'zi ulamolar pushtni jussasi ko‘rinmasdan va shakllanmasdan oldyn tushirish mumkin, deganlar. Pusht yaratilishining avvalgi qirq kunida shu bosqichda bo‘ladi, demak, hanuz suv (nutfa) holida turadi, nutfani tashlash, xotindan sug‘urib, urug‘ni chiqarish kabi joiz, deydilar. Ammo juda ko‘p fuqaholar bu so‘zni e'tiborsiz hisoblab, rad etganlar va bunday qilgan yo unga sababchi bo‘lgan odam gunohkor bo‘ladi, deganlar. Quyida mashhur ikki faqih Imom G'azzoliy va Qozixonning "Ihyo" va "Fatovo"dagi so‘zlarini keltiramiz. Imom G'azzoliy "sug‘urib to‘kish" bilan "tushirish" orasidagi farqni va "tushirish"ning hukmi "sug‘urib to‘kish" hukmidek emasligini bayon etib, bunday tushuntiradilar: "Tushirish hosil bo‘lgan pushtga jinoyatdir. Pushtning bosqichlari bor. Pushtning birinchi bosqichi urug‘ bachadonga tushib, ayol tuxumi bilan qo‘shilishi va jon qabul etishga tayyor bo‘lishidir. Bu holni buzish jinoyatdir. Suv quyuqlashib qonga aylangan bo‘lsa, jinoyat og‘irlashadi. Agar unga jon kiritilgan va jussa yetilgan bo‘lsa, jinoyat yanada og‘irlashadi. Pusht to‘la jonli va jussali bo‘lib, ajralganida tushirish jinoyatning eng og‘iridir".

Qozixon bu bosqichda pushtni tushirish mumkin, deganlarning so‘zlarini keltirganlaridan so‘ng deydilar: "Men tushirish mumkin, demayman. Zero, haj yoki umraning ehromidagi kishi ov qilinadigan biror narsaning tuxumini sindirsa, tuxum u narsaning asli bo‘lganidan uning qiymatini to‘lashi kerak.

Pushtini tushirgan onaga bo‘ladigan gunoh ham undan kam emas. Ammo bu ona gunohi qotillik gunohi darajasiga yetmaydi. Bu uzrsiz tushirganlar haqidadir".

"Tushirish" haqidagi so‘zlarni shunday xulosalash mumkin: pushtni shakllanmasidan oldin tushirish haromga yaqin, makruhdir. Shakllangan pushtni tushirish haromdir. Jon kiritilgan pushtni tushirish juda og‘ir haromdir. Bu hukmlar zarurat bo‘lmagan holdagi tushirishga tegishlidir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.