background
logotype
image1 image2 image3

Boshqorong‘iliqda o‘zni qanday tutiladi?

Savol: Kelinim birinchi marta boshqorong‘i bo‘lganida erkalik va tantiqlikni shunchalik oshirib yubordiki, haligacha tug‘aman, desa, yuragim bezillaydi. Bu borada shariatning alohida ko‘rsatmalari bormi?

Javob: Boshqorong‘ilik ayolda homiladorligining ilk davrida namoyon bo‘ladigan hissiy holatdir. Ko‘ngil aynishi, muayyan narsa hidini yo muayyan taomni yoqtirmaslik yoki muayyan taomni, ko‘pincha nordon taomlarni yeyishni istash boshqorong‘ilik belgilaridir. Boshqorong‘i ayol ko‘ngli nordon taomlarni qattiq tusashini sezadi.

Boshqorong‘ilikning er-xotin inoqligiga va ularning aloqalaridagi jozibaga ta'siri bormi yoki yo‘qmi? Boshqorong‘ilikning homilador ayol mizoji va ko‘ngli o‘zgarishiga, uning asablari va jismiga ta'sir ko‘rsatishi sir emas. Boshqorong‘ilik ayolning tuyg‘u va istaklarida hamda ko‘p hollarda eri bilan munosabatlarida aks etadigan holatdir. Boshqorong‘i ayol goho erining hidini yoqtirmaydi, eri unga yaqinlashganida nafratlanadi. Bu erini yomon ko‘rganidan emas, balki butun mizoji o‘zgargani, bezovtaligi va hayajonidan bo‘ladi. Ayol bu holda o‘z tuyg‘u va istaklarini boshqarolmaydi. Shuning uchun bu holdan eson-omon o‘tib olgunicha uning bu holini hisobga olish, bu davrda unga g‘amxo‘rlik qilish lozim bo‘ladi.

Aqlli, ziyrak er xotinining boshqorong‘i bo‘lganini bilganidan unga vazifalarni ko‘p aytmasligi, yumshoq bo‘lishi, ayolining oromini hisobga olishi, qiyinchiliklarini tushunishi, o‘z istak va talablari bilan ayoliga og‘irlik qilmasligi kerak.

O'z navbatida boshqorong‘i ayol ham erini baxtiyor qilish va unga orom yetkazish uchun bor imkonini sarflashi lozim. U doimo shuni yodda tutishi kerakki, boshqorong‘ilik ona bo‘lishning birinchi belgisidir. Onalik esa shafqat, mehr, yaxshiliqdir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.