background
logotype
image1 image2 image3

Ayollar bezansa bo‘ladimi?

Savol: Yaqinda bir dugonam muslima ayol bezanishi, xushbo'y atirlar sepishi, sochlarini chiroyli turmaklashi mumkin emas, chunki bu islomiy axloqqa zid, deb menga tanbeh berdi. Uning bu ta'nasi o'rinlimi?

Javob: Bezak, xushbo'yliklar erkak va ayolni birday go'zal, chiroyli qiladigan ne'matlardandir. Bezak ko'z uchun lazzatdir. Zero, ko'z bezakli narsani ko'rsa, quvonadi. Xushbo'y is dimoqqa lazzat baxsh etadi. Inson shirin hidlardan zavqlanadi. Shuning uchun shariatimiz musulmonlarni juma, iyd va boshqa ommaviy yig'inlarga xushbo'y va orasta bo'lib borishga undaydi. Zero, musulmon birodarlari nazarida go'zal va xushbo'y bo'lishi kerak. Undan hech kim nafratlanadigan bo'lmasin.

Bu hol er-xotin o'rtasida yanada muhim va ahamiyatlidir. Xotini eri oldida doimo bezanib yurishi kerak. Uning oldida hamisha xushbo'y taratib yursin. Bu ishlarga, xususan, qo'shilishdan oldin katta e'tibor bermog'i lozim. Bezak uni erining ko'zi o'ngida yanada chiroyli qiladi, xushbo'y o'ziga tortadi va erini rom qiladi.

Bezak eri oldida chiroyli liboslarni kiyish bilan bo'ladi. Er-xotin yolg'iz bo'lganlarida liboslarining qisqa yo uzunligida, yupqa yo qalinligida farq bo'lmaydi.

Shuningdek, xotin erining muhabbatini qozonish uchun ayollarga xos tilla va boshqa taqinchoqlarini taqishi hamda surma, upa kabi vositalardan ham foydalanib bezanishi mumkin.

Sochlarini chiroyli turmaklab, qo'l va boldirlaridagi ortiqcha junlarni ketkazib bezansa ham bo'ladi. Ayniqsa, tanasi va og'zining tozaligiga e'tibor berishi kerak. Qo'ltiqlaridagi badbo'y hidlarini ketkazishi lozim.

Ayolning o'z badani bichimiga diqqat qilishi, mumkin qadar semirish va yog' bosishidan saqlanishi ham ziynatdir. Zero, badan bichimi ham go'zallikdir.

Ammo ta'kidlash lozimki, ayol faqat va faqat o'z eri uchun bezanadi va xushbo'y bo'ladi. Eridan o'zgaga bezangan va xushbo'y bo'lgan ayol gunohkor ayoldir. Bezak va xushbo'ylik lazzat beradi. Ayol eridan boshqa kimsalar undan lazzat olishiga yo'l qo'ymasligi kerak.

Erlar ham o'z ayollariga «bepardoz» ko'rinmasliklari zarur. Er sochini to'g'rilashi, mo'ylablarini qisqartirishi, badani va og'zining tozaligiga e'tibor qilishi, xotini uchun o'zini xushbo'y qilishi, munosib tarzda bezanishi kerak. Xotinining ko'zi undan quvonsin, totli hidiga g'arq bo'lsin.

Agar er-xotin bu aytilganlarga e'tibor qilib, xossatan, qo'shilishdan oldin ularga rioya qilsa, baxtiyorlikning muhim shartiga rioya qilgan bo'ladilar.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.