background
logotype
image1 image2 image3

Folbinlikning hukmi qanday?

SavolKeyingi paytlarda kelajakni oldindan aytib beradigan turli folbinlar, g‘aybni bilishnida'vo qiluvchi kohin va munajjimlar paydo bo‘lib qoldi. Ularning shariatga ko‘ra hukmi qandaybo‘ladi?

JavobIlmul raml va fol (agar-chi Mushaf bilan bo‘lsa-da) qoralangan ilmlar jumlasidandir. Chunki bular Qur'oni karimda haromligi qat'iy bayon etilgan azlom jumlasidandir. Kohinning g‘aybdan bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufrdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: «Kim kohin huzuriga borib, u aytganini tasdiq etsa, Muhammadga nozil etilganni inkor etgandir».

«Aqidai Tahoviyya»ning shorihi shunday yozadi: «Ishboshi va barcha qodirlarga vojib shulki, munajjim va kohinlarni, qur'a andoz va folbinlarni ko‘cha-ko‘yda o‘tirishdan hamda xonadonlarga borib o‘z «amal»larini bajarishdan qaytarsinlar».

G'aybni bilishni da'vo qiluvchilar bir necha turdir: «kohin», «arrof» va «munajjim». Jini borligini da'vo etib, unga istiqbol ishlaridan xabar berib turishni e'tirof etuvchilar «kohin», o‘g‘irlangan va yo‘qolgan narsalarni bilish da'vogarlari «arrof», yulduzlar holatiga qarab istiqbolni aytuvchilar «munajjim»dirlar. Bularning barchasi shar'an qoralangandir. G'aybni Allohdan o‘zga bilmas.

«Inson g‘aybni bilishni da'vo qilsa, kohinga borib uni tasdiq etsa, kofir bo‘ladi», «O'g‘irlangan narsalarning (joyini) bilaman, menga jinlar xabar berayotgani uchun bilaman, deyish bilan (odam) kofir bo‘ladi», deyiladi kitoblarda.

Shariatda faqat istixora qilib bajarajak ishining yaxshi yoki yomon ekanini Allohdan so‘rash mumkin. Kohin va munajjimlar vositasida istiqboldagi iqbol yo kulfatlarni bilishga intilish man etilgandir.

Kohinlik harom, uning puli ham haromdir. Kohinlikni haq bilgan kimsa kofirdir. Chunki u g‘aybni bilishda Allohga sherik bor, deb e'tiqod qiladi.

Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Kohinlikdan saqlaning! Zero, kohinlik sharkka chaqiradi. Shirk va uning ahli do‘zaxdadir» («Fatovoi Bazzoziya», «Fatovoi Tatorxoniya», «Aqidai Tahoviyya», «Aqidai Nasafiyya» asosida tayyorlandi).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.