Sirojiddin al-Farg'oniy. Bad’ul-amoliy
1. Banda (muallif) tavhid faniga bag‘ishlab nazmiy uslubda «Amoliy» nomi bilan yozgan asarini shunday deb boshlaydi:
2. Barcha mavjudot va maxluqot ilohi — xojamiz Alloh qadimdir va komil sifatlar bilan tavsif etiluvchidir.
3. U hamisha tirik va barcha ishlarning tadbirkoridir. Shuningdek, U haq, taqdir etuvchi va ulug‘lik egasidir.
4. Bandalarning xayrli va ezgu ishlarining ham, xunuk va yovuz ishlarining ham ro‘yobga chiqishini iroda etuvchidir, lekin yovuzlikni norozilik ila iroda etar.
«BAD’UL-AMOLIY» MANZUMASI
Muallifi — Ali ibn Usmon ibn Muhammad ibn Sulaymon Abu Muhammad Sirojiddin al-O’shiy al-Farg‘oniy. «Fatovoyi sirojiya» muallifi. Vafoti - 569 hijriy/1173 milodiy yil.
|
5. Allohning sifatlari zotining aynan o‘zi ham emas, o‘zidan ajraluvchi g‘ayr ham emasdir.
6. Uning zotiya va fe’liya sifatlarining barchasi qadim bo‘lib, ular zavol topish yoki yo‘q bo‘lib qolish kabi nuqsonlardan xolidir.
7. Allohni narsa deb ataymiz. Lekin boshqa narsalardek deb bilmaymiz. Shuningdek, Uni zot deb ham ataymiz. Lekin Uni olti tomon (o‘ng, chap, old, ort, ust, ost)dan xoli deb bilamiz.
8. Ummatning afzali — Ahli Sunna val-Jamoa ulamolari nazdida Allohning ismi ham Uning O’zini bildiradi. Ya’ni Allohga yoki Uning ismiga ta’zim bajo keltirish yoxud qasam ichish kabilarda deyarli farq yo‘q.
9. Rabbim javhar (modda, yadro) ham, jism ham emas. Butun, ba’z, zimniga oluvchi kabi sifatlardan ham xolidir.
10. Olimlar zehni bilan bilinganki, bo‘linmaydigan eng kichik zarra (atom)ning borligi haqdir, ey, tog‘amning o‘g‘li!
11. Qur’on maxluq (keyin yaratilgan) emas. Balki u qadimdir. Parvardigor kalomi bandalar so‘zining jinsidan buyukdir.
12. Arshning parvardigori Arsh uzradir, deymiz. Lekin unga o‘rnashgan yoki tegib turuvchi demaymiz. Balki ta’zim jihatidan Uni osmonda, tepamizda deb majozan aytishimiz mumkin.
13. Rahmonga biror jihatdan biror narsani o‘xshatish mumkin emas. Ey, turfa musulmon xalqi, bundan saqlaningiz.
14. Jazo beruvchi (Alloh)ga hech qachon vaqt ham, yil ham, zamon ham o‘tmas.
15. Ilohimning ayollar va o‘g‘il-qiz farzandlarga ehtiyoji yo‘qdir.
16. Shuningdek, ulug‘lik va buyuklik egasi Alloh har qanday yordamchi va ko‘makchiga ham muhtoj emasdir.
17. O’z g‘olibligi bilan U barcha xaloyiqni (qiyomat oldidan) o‘ldirib, so‘ngra tiriltirar. Undan keyin ularni qilmishlariga muvofiq jazolar.
18. Ahli xayr, solih bandalarga — jannat bog‘lari va nozu ne’matlar, kofirlarga esa azob-uqubat yetishdan o‘zga chora yo‘qdir.
19. Do‘zax ham, jannat bog‘lari ham foniy emaslar. Ularning ahli, ya’ni mo‘‘minlar va kofirlar ham o‘rin almashuvchi emaslar.
20. Jannatda mo‘‘minlar Allohni ko‘rarlar. Lekin biror kayfiyat, idrok yoki o‘xshashlik bilan emas, balki Allohning o‘ziga loyiq ravishda ko‘rarlar.
21. Allohni ko‘rganlarida mo‘‘minlar barcha ne’matlarni unutarlar. Allohni ko‘rish mumkin emas, deydigan mo‘‘tazila ahlining o‘sha kuni ziyon qilishini ko‘ring!
22. Faqatgina bandaning foydasini ko‘zlab ish qilish hidoyat va oliylik egasi bo‘lmish muqaddas zot — Allohning zimmasiga farz emasdir.
23. O’tgan payg‘ambarlar va ne’matga erishgan ulug‘ farishtalarni haq deb tasdiq etish zarur farzlardandir.
24. Shuningdek, payg‘ambarlarga oliyqadr, peshvo, hoshimiy, sohibjamol payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) bilan xotima berish, ya’ni ul janobni oxirgi payg‘ambar deb bilish ham zarur farzlardandir.
25. U, so‘zsiz, anbiyolar peshvosi va xalalsiz, asfiyolar (farishtalar va avliyolar) tojidir.
26. Uning shariati hamma vaqt, to qiyomat va rihlat kunigacha boqiydir.
27. Me’roj voqeasi haq va rostdir. U to‘g‘rida oliy xabarlar — hadislar bordir.
28. Payg‘ambarlar qasddan gunoh qilish va vazifadan chetlashish kabi nuqsonlardan xotirjamdirlar.
29. Ayol kishi hargiz payg‘ambar bo‘lmagan. Shuningdek, qul va firibgar ham.
30. Iskandar Zulqarnayn payg‘ambar sifatida tanilgan emas. Shuningdek, Luqmon ham. Bu xususda bahslashishdan hazar qil!
31. Iso (a.s.) albatta dunyoga qayta keladilar va badbaxt, buzg‘unchi Dajjolni halok etadilar.
32. Valiyga shu dunyoda ato etilgan karomatlar bor narsa. Avliyolar Alloh ne’matiga sazovor kishilardir.
33. Avliyo hech qachon payg‘ambarlardan biror nisbatda afzal bo‘lmagan. Balki u payg‘ambar darajasiga yetishi mumkin emas.
34. Abu Bakr Siddiq shaksiz barcha sahobalardan ortiq bo‘lganlar.
35. Umari Foruq Usmon Zunnurayndan ortiq fazilatlarga ega bo‘lganlar.
36. Usmon Zunnurayn haqiqatan jang safida javlon qiluvchi Hazrati Alidan yaxshi (ortiq) bo‘lganlar.
37. Jangari Ali ulardan keyingi barcha musulmonlardan ortiqdirlar.
38. Oishai Siddiqa ba’zi xislatlari bilan Fotimai Zahrodan ortiqlik qilurlar.
39. Muoviyaning o‘g‘li Yazidni, uning o‘limidan so‘ng o‘ta ig‘vogar va shallaqi odamdan boshqalar la’natlamagan.
40. Taqlid qiluvchi (o‘z imoniga dalil keltira olmaydigan kishi)ning imoni ham e’tiborlidir. Bunga nayzadek o‘tkir dalillar bor.
41. Aqlli odamdan past-balandliklarni yaratuvchisi — Allohni tanimadim degan uzri qabul qilinmagay.
42. Kishining o‘limi oldidan (kechikib) keltirgan imoni qabul qilinmagay. Zero, u oldinroq itoat etmadi.
43. Savobli va xayrli amallar garchi doimiy farz qilingan bo‘lsa-da, imondan hisoblanmaydi.
44. Zino, qotillik, o‘g‘rilik kabi gunohlar sababidan musulmon odamni kufrga hukm qilinmaydi. Balki u gunohkor sanaladi.
45. Biror ma’lum muddatdan keyin dindan qaytishni niyat qilgan odam haq din (islom)dan darhol chiqib qolur.
46. Ixtiyoriy holatda aytilgan kufr lafzi, o‘zini g‘aflatga solgani va beparvoligi uchun dindan qaytish (murtadlik) hisoblanadi.
47. Mast holatda o‘ylamay aljirab aytgan behuda so‘zlari tufayli kufrga hukm qilinmaydi.
48. Yaratilmagan narsa Allohga ko‘rinuvchi ham emas va u narsa deb ham atalmaydi. Bu barakotli oy hilolidek ilmiy dalillar bilan isbotlangan.
49. Dunyo, balki Allohdan o‘zga butun borliq qadim emas, aksincha, keyin yaratilgandir. Dahriylar da’vo qilgan «modda - asl, dunyo uning mahsuli»,— degan aqida noto‘g‘ridir. Buni shodlik bilan tinglagin.
50. Harom ham xuddi haloldek rizq sanaladi, garchi bu so‘zimni barcha yoqtirmaydigan kishilar yoqtirmasalar ham.
51. Duoga shak yo‘q. Ya’ni tiriklar va o‘liklar haqqiga qilingan duolarning ta’siri kuchlidir. Buni adashgan toifalar rad eturlar.
52. Har bir shaxs Rabbimning tavhidi to‘g‘risida sinov uchun qabrda so‘roqqa tutiladi. Ya’ni Rabbing kim, dining nima, payg‘ambaring kim - kabi savollar berilur.
53. Kofirlar va ba’zi gunohkor mo‘‘minlar yomon fe’llari tufayli azoblashga hukm qilinur.
54. Qiyomat kuni qayta tiriltirilganlaridan so‘ng barcha odamlar Haq taolo huzurida hisobot berurlar. Bas, gunoh ishlardan chetroq yuring.
55. O’sha kuni ba’zilarga nomai a’moli (qilmishlari yozib qo‘yilgan kitobi) o‘ng tarafidan, ba’zilarga orqa tarafidan, ba’zilarga esa chap tarafidan berilur.
56. Qiyomat kuni qilingan amallarning tarozuda tortilishi, Pulsirot nomli qilko‘prikdan o‘tish hech qanday da’vosiz haqdir.
57. Tog‘lardek ulkan gunoh qilib o‘tganlar uchun yaxshi odamlar (Payg‘ambarlar, avliyolar, siddiqlar, shahidlar, solih bandalar) tomonidan shafoat qilinib, gunohlaridan o‘tishni so‘rashlik umid qilinadigan ishdir.
58. Imonli kishi gunohlarining shumligi sababli otashi do‘zaxda boqiy qolmas.
59. Tavhid ilmiga nazm libosini kiydirdim. U badiiy shakl olib, halol sehrga aylandi.
60. U dilni xushxabardek rohatlantiradi va ruhga obi ziloldek hayot baxsh etadi.
61. Uni yodlab, dilga jo etib, chuqur o‘rgansangiz, (haqqa) yetishganlar jamoasiga qo‘shilursiz.
62. Bu bandai ojizni yaxshilik bilan iltijolarda xotirlab, unga doimo yordam ko‘rsating.
63. Shoyad Alloh uni o‘z fazli ila afv etib, oxiratda saodat ato etsa.
64. Men esa toqatim boricha qachondir mening haqqimga yaxshilik bilan duo qiluvchi kishi haqqiga tinmay duo qilmoqdaman.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.