background
logotype
image1 image2 image3

Imomi A'zam Abu Hanifa. Al-Fiqhul akbar

 Mehribon va rahmli Alloh nomi ila

Tavhid ilmining asli va to‘g‘ri deb e'tiqod qilishga sazovor ma'lumotlar quyidagilardan iborat:

Har bir musulmon kishi dili bilan tasdiq etgan holda tili bilan ushbularni aytishi vojibdir:

Allohga, Uning farishtalariga, ilohiy kitoblariga, yuborgan payg‘ambarlariga, o‘lgandan keyin qiyomatda tirilishiga, O'zi belgilagan yaxshi-yomon taqdirga haq va rost, deb imon keltirdim. Oxiratdagi hisob-kitob, amallar tarozisi, jannat, do‘zax barchasi haqdir.

 

«FIQHI AKBAR» KITOBI

Muallifi — Islomda e’tirof etilgan to‘rtta fiqhiy mazhablarning birinchisi, ya’ni hanafiy mazhabining asoschisi, Abu Hanifa — No‘‘mon ibn Sobit (Imomi A’zam). 80 hijriy/699 milodiy yilda Iroqning Ko‘fa shahrida tug‘ilib, 150 hijriy/767 milodiy yilda Bag‘dodda vafot etganlar. Mazhabimiz Imomi to‘g‘risida ziyoda ta’rifga hojat yo‘qdir. Zero, ul zotning fazlu fazoillari barchaga oydek ravshandir. 

Alloh taolo birdir, lekin sanoq son jihatidan emas, balki unga hech qanday sherik yo‘qligi jihatidandir. Chunonchi, «Ixlos» surasida O'zi demishkim: «(Ey, Muhammad), ayting: «U Alloh yagonadir. Alloh behojat, (lekin)hojatbarordir. U tug‘magan va tug‘ilmagan ham. Shuningdek, Uning hech bir tengi yo‘qdir».

U o‘zi yaratgan narsalardan birortasiga o‘xshamas. Unga ham biror narsa o‘xshash emas. O'zining zotiy va fe'liy sifatlari bilan azaldan bor bo‘lgan va abadiy bor bo‘lur. Zotiy sifatlari - hayot, qudrat, ilm, kalom, eshitish, ko‘rish, iroda. Fe'liy sifatlari - xalq etish, yasash va boshqa shu mazmunga dalolat qiluvchi sifatlar. U o‘zining barcha ism va sifatlari bilan birgalikda doim bo‘lgan va abadiy bo‘lajak. Unga biror ism yoki sifat keyin qo‘shilib qolgan emas.

Shuningdek, U O'z ilmi bilan olimligicha hamon kelmoqdakim, ilm Uning azaliy sifatidir. Qudrati bilan qodirligicha hamon kelmoqdakim, qudrat Uning azaliy sifatidir. Kalomi bilan gapiruvchi holida kelmoqdakim, kalom Uning azaliy sifatidir. Xalq etishi bilan xoliqligicha hamon kelmoqdakim, xalq etish Uning azaliy sifatidir. Ish qilish (fe'l) bilan ish qiluvchi (foil) holida hamon kelmoqdakim, fe'l Uning azaliy sifatidir. Demak, fe'l egasi - Alloh, fe'l Uning azaliy sifatidir, fe'lning mahsuli - yaratilgan (maxluq), Uning fe'li esa yaratiluvchi emas. Shuningdek, uning barcha sifatlari azaldan paydo qilingan ham, yaratilgan ham emas. Kimki, ularni yaratilgan yoki paydo qilingan desa yoki (so‘ralganda) jim turib qolsa yoxud u to‘g‘rida shak qilsa, u Allohga kofir bo‘lur.

Qur'on - Allohning kalomi. U mushaflarda bitilgan, qalblarda yodlangan, tillarda o‘qilgan, Muhammad alayhissalomga nozil qilingan. Qur'on bilan qilgan talaffuzimiz, uni yozgan bitigimiz, uni qilgan qiroatimiz maxluq (yaratilgan) dir, lekin Qur'on maxluq emasdir.

Qur'ondagi Alloh taoloning Muso va boshqa payg‘ambarlar (alayhimussalom), Fir'avn va Iblis to‘g‘risida zikr etgan qissalarining barchasi Allohning kalomidir. Allohning kalomi g‘ayri maxluq. Muso va boshqa yaralganlarning kalomi maxluqdir. Qur'on esa ularning emas, balki Allohning kalomidir.

Allohning O'zi Qur'onda xabar berganidek, Muso alayhissalom Allohning kalomini eshitgan. Musoga gapirmay turib ham Alloh taolo mutakkalim (gapiruvchi) edi. Barcha mavjudotni yaratmay turib ham U xoliq (yaratuvchi) edi. Uning mislidek narsa yo‘qdir va U eshituvchi, ko‘ruvchidir.

Alloh taolo Muso (a.s.)ga so‘zlagan paytda azaldan o‘z sifati bo‘lib kelgan kalomi bilan so‘zlagan. Uning barcha sifatlari maxluqotlarning sifatlaridan tubdan farq qiladi, ya'ni U biladi, lekin biz bilgandek emas. Qudrati bizning qudratimizdek emas. Ko‘radi, lekin biz ko‘rgandek emas. Eshitadi, lekin biz eshitgandek emas. Gapiradi, lekin biz gapirgandek emas. Biz til, og‘iz, lab kabi vositalar va harflar bilan gapiramiz. Alloh taolo vositasiz, harflarsiz gapiradi. Harflar maxluq, Allohning kalomi esa, g‘ayri maxluq.

Allohni narsa deb atash mumkin. Lekin o‘zga narsalardek tasavvur qilmaslik sharti bilan. Uni narsa deganda jismsiz, moddasiz, moddaning sifatlarisiz, chegarasiz, akssiz, tengsiz, mislsiz deb bilmoq kerak bo‘ladi.

Qur'onda O'zi zikr etganidek, Allohning qo‘li, yuzi, nafsi (O'zi) bor deb bilamiz. Bular Uning sifatlaridan, lekin qanday, qanaqa deyilmas. Hatto, qo‘li-qudrati yoki ne'mati ham deb ta'vil etilmas. Aks holda uning bir sifatini yo‘qqa chiqarilgan bo‘lur. Bu esa qadariylar va mo‘‘taziliylar so‘zidir. Biz aytamizki, qo‘li o‘ziga xos, kayfiyatsiz sifatdir. Shuningdek, Uning g‘azabi va rizosi ham o‘ziga xos kayfiyatsiz sifatlaridandir.

Alloh taolo borliqni yaratganda uni biror narsadan olib yaratgan emas. Alloh barcha narsalarni yaratmasdan oldin ham azaldan bilur edi. Barcha narsalarning taqdir va qazosini Uning o‘zi belgilagan. Bu dunyo va oxiratdagi har bir narsa faqat uning xohishi, ilmi, qazosi, qadari, Lavhul-mahfuzga yozib qo‘yilishi bilan bo‘lur. Lekin yozib qo‘yishi tavsif yo‘li bilandir, hukm yo‘li bilan emas, ya'ni majburiy emas. Qazo, qadar va xohish - Allohning azaliy sifatlari. Faqat ularning mohiyat va kayfiyati bandasiga ma'lum emas.

Yaratilmagan narsani Alloh taolo yaratmay turib yo‘q deb bilgani kabi, uni yaratgandan keyin qanday holatda bo‘lishini ham bilur. Shuningdek, mavjud narsani Alloh taolo mavjudligidagi holatni qanday bilsa, uning yo‘q bo‘lib ketish holatlarini ham shunday bilur. Yana Alloh taolo tik turgan kishini tikkalik holatini qanday bilsa, u o‘tirgach, o‘tirgan holatini ham shunday bilib turur. Lekin bu bilan Uning ilmi o‘zgarib qolmaydi yoki yangi ilm paydo bo‘lib qolmaydi. O'zgarish va turlanish maxluqot va mavjudotlarda sodir bo‘lur.

Alloh taolo insonlarni yaratganda kufr va imondan xoli qilib yaratgan. So‘ngra ularni xitob qilib, ba'zi narsalarga buyurgan, ba'zi narsalardan qaytargan. Shulardan keyin kimki kufrni tanlagan bo‘lsa, demak, u o‘z ixtiyori bilan haqiqatni inkor etgach, Alloh toloning tavfiqidan mahrum holda kufrni tanlagan bo‘lur. Shuningdek, kimki imonni tanlagan bo‘lsa, u ham o‘z ixtiyori, iqtidori, tasdig‘i va Allohning tavfiqi hamda yordami bilan imon keltirgan bo‘lur.

Odam (a.s.)ning pushti kamarlaridan qiyomatgacha dunyoga keladigan zurriyotlarni mayda zarrachalar shaklida chiqarib, ularga aql ato etdi va ularga xitob qilib, o‘z toatiga buyurdi, ma'siyatidan qaytardi. Ular Allohni Rabbimiz deb iqror etdilar. Bu ularning imoni deb sanaldi. Bas, har bir tug‘ilgan inson avlodi shu fitrat (tabiat) bilan dunyoga kelur. Shundan keyin kimki kufrga ketgan bo‘lsa, demak, u mazkur imonni o‘zgartirgan bo‘lur. Har kim imon keltirib, tasdiq etgan bo‘lsa, demak, u barqaror qolibdur va davom etibdur. Alloh taolo hech kimni kufrga ham, imonga ham majbur etmagay. Shuningdek, hech kimni mo‘‘min yoki kofir qilib yaratmagay. Balki insonlarning har birini mustaqil shaxs sifatida yaratgan. Imon bilan kufr bandalarning ishidir. Alloh taolo kufrga ketgan kishini o‘sha paytning o‘zida kofir deb biladi. Kachonki, u shundan keyin yana imon keltirsa, o‘sha paytning o‘zida uni mo‘‘min deb biladi va do‘st tutadi. Lekin uning ilmi ham, sifati ham o‘zgarmagan bo‘lur.

Bandalarning harakat va sukunatlaridan tortib barcha fe'llari haqiqatan ularning kasb va faoliyatlari hisoblanadi, lekin ularni Alloh yaratadi. Ularning hammasi Allohning xohishi, ilmi, qazosi va qadari bilan yuzaga keladi. Toat va savobli ishlar Allohning amri, muhabbati, rizosi, ilmi, xohishi, qazosi va taqdiri bilan amalga oshirilur. Toatsizlik va gunoh ishlar esa, Allohning ilmi, qazosi, taqdiri va xohishi bilan amalga oshirilsa-da, Uning muhabbati, rizosi va amri bilan emasdir.

Payg‘ambarlarning barchalari kichik va katta gunohlardan, kufr va qabih ishlardan pokdir. Magar ulardan ba'zi sahvu xatoliklar sodir bo‘lgani rost. Muhammad (s.a.v.) Allohning habibi, bandasi, rasuli, nabiysi, safiy va naqiysidirkim, zinhor sanamlarga sig‘inmaganlar, bir lahza ham Allohga shirk keltirmaganlar va aslo kichik va katta gunohga qo‘l urmaganlar.

Payg‘ambarlardan keyin odamlarning eng afzali - Abu Bakr Siddiq, so‘ngra Umar ibn al-Xattob, so‘ngra Usmon ibn Affon, so‘ngra Ali ibn Abi Tolib (r.a.)dirlar. Ular haq uzra yashab, haq bilan birga o‘tganlar. Ularning hammasini do‘st tutamiz. Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalaridan hech biriga yomonlikni nisbat bermaymiz, balki yaxshilik bilan yod eturmiz.

Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo‘lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo‘lsa, undan imon ismini olib tashlamaymiz, uni haqiqiy mo‘‘min deb atayveramiz, uni fosiq mo‘‘min deb atash mumkin, faqat kofir emas.

Poyafzalga mash tortish - sunnat.

Ramazon oyi kechalarida o‘qiladigan taroveh namozi - sunnat.

Har qanday solih va fojir mo‘minga iqtido qilib namoz o‘qish joiz.

Mo‘‘min kishining kilgan gunohlari unga zarar qilmaydi demaymiz. Yana uni do‘zaxga kiritmaydi ham demaymiz. Lekin u yerda abadiy qoldiradi ham demaymiz, hatto, u fosiq bo‘lgan taqdirda ham. Ammo dunyodan imonli ketgan bo‘lishi shart.

Barcha savobli ishlarimiz qabul qilinur yoki gunohlarimiz kechirilur ham demaymiz. Lekin aytamizki, har kim qaysi bir savobli ishni barcha shart-sharoiti bilan uni buzib qo‘yadigan ayblardan xoli holda ado etgan bo‘lsa hamda dunyodan shu tarzda o‘tgan bo‘lsa, albatta, Alloh taolo uning ezgu ishini zoe ketkazmaydi. Balki uni qabul etadi va shunga yarasha savob yozadi.

Shirk va kufrdan boshqa gunohlarni qilgan va tavba qilmay turib dunyodan mo‘‘min holda o‘tgan kishining ishi Allohning xohishiga havola - xohlasa jazo beradi, xohlasa afv etib, aslo do‘zax azobiga duchor etmaydi.

Riyokorlik va manmanlik bilan qilingan har bir xayrli ishning savobi bekor qilinur.

Payg‘ambarlarga berilgan mo‘‘jizalar va avliyolarga ato etilgan karomatlar haq va rostdir. Ammo axborlarda rivoyat etilgan Iblis, Fir'avn, Dajjol kabi Allohning dushmanlariga berilgan va beriladigan g‘ayri tabiiy imkoniyatlar mo‘‘jiza ham emas, karomat ham deyilmaydi, balki ularning hojatlarini ravo etish deb sanaladi. Zero, Alloh taolo o‘z dushmanlariga uqubat sababi bo‘lsin deb ularni o‘z mayllariga qo‘yib beradi va hojatlarini ham (vaqtincha) ravo etib turadi. Ular bundan mag‘rurlanib, tajovuzkorlik va kufrda davom etadilar. Bularning hammasi joiz va mumkin ishlardandir.

Alloh taolo yaratmay turib ham yaratuvchi (xoliq) edi. Rizq bermay turib ham roziq edi.

Alloh taolo oxiratda ko‘rinadi. Mo‘‘minlar Uni jannatda o‘z ko‘zlari bilan tashbehsiz, kayfiyatsiz (biror holatsiz), ko‘ruvchi bilan Uning o‘rtasida masofa bo‘lmagan holda ko‘rurlar.

Imon - bu iqror va tasdiqdan iboratdir. Osmonlaru Yer ahlining imonlari imon keltiruvchi narsalar jihatidan ko‘paymaydi ham, kamaymaydi ham. Ammo ishonch va tasdiq jihatidan ozayib-ko‘payib turadi. Mo‘‘minlar imonda, tavhidda, o‘zaro tengdirlar, ammo amalda bir-birlaridan ortiq-kamdirlar.

Islom - bu Allohning buyruqlariga taslim va itoat etishdir. Imon bilan Islom o‘rtasida lug‘aviy jihatdan farq bo‘lsa-da, lekin islomsiz imon, imonsiz islom bo‘lmas. Ularning ikkisi astar bilan avra yoki ich bilan tash kabidir. Din esa imon, islom va shariat ahkomlarining yig‘indisidir.

Allohni barcha sifatlari bilan Kitobida o‘zi tavsif etganidek haqiqiy ma'rifat bilan taniymiz. Lekin hech kim Unga loyiq, haqiqiy ibodat bilan ibodat qila olmaydi. Biroq Kitobida buyurganidek, Rasulining sunnatida ko‘rsatilganidek ibodat qilishi mumkin. Demak, barcha mo‘‘minlar ma'rifat (Allohni tanish)da, ishonchda, tavakkulda, muhabbatda, rizoda, xavfda, umidda va imonda tengdirlar. Bundan tashqari amallarda esa, bir-birlaridan farq qilurlar.

Alloh taolo o‘z bandalariga nisbatan fazlu karamli hamda adolatlidir: ba'zida bandasiga qilgan ishiga yarasha emas, balki necha barobar ortig‘i bilan savob baxsh etar. Gohida gunohiga yarasha jazo berur. Ba'zan fazliga olib, kechirib yuborur.

Payg‘ambarlarning, shu jumladan, bizning Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning gunohkor mo‘‘minlar jazoga mustahiq kabira gunoh egalari haqqiga qilajak shafoatlari haq va rostdir.

Qiyomat kuni amallarning o‘lchanishi, tarozu haq va rostdir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning Havzi Kavsarlari haq va rostdir.

Xasmlar o‘rtasida savoblari bilan hisob-kitob qilinishi, agar savobi bo‘lmasa, gunohlaridan olib berilishi haq va rostdir.

Jannat va do‘zax shu kunda ham mavjuddir. Ular abadiy, foniy bo‘lmaydilar. Jannatning nozu ne'matlari, huru g‘ilmonlari ham abadiy barhayotdirlar. Allohning jazosi ham, savobi ham abadiy, tuganmasdir.

Alloh taolo xohlagan kishini O'z fazli bilan hidoyatga yo‘llar. Xohlaganini O'z adli bilan zalolatga qoldirur. Ya'ni O'z roziligi sari tavfiq ato qilmas. Bu Uning adolatidir. Shuningdek, mazkur betavfiqni jazolashi ham Uning adli hisoblanur.

Mo‘‘min kishining imonini shayton majburan sug‘urib olmaydi, balki bandaning o‘zi imonni tark etgan paytda u olib qo‘yiladi.

Qabrda Munkar va Nakir ismli farishtalarning kirib, marhumdan savol so‘rashlari haq va rostdir. Qabrda bandaga ruhning qaytarilishi, qabrning kofirlar va ba'zi gunohkor musulmonlarni qisishi, ularning qabr azobini tortishlari haq va rostdir.

Ulamolarning Alloh sifatlarini fors tilida (Arabchadan boshqa tillarda) zikr etishlari joizdir. Ammo «yad» so‘zini Allohga nisbat berilganda fors tilida «Dasti Xudo» - deb zikr etilmagay. «Allohning yuzi» deb aytish joiz, lekin tashbehsiz va kayfiyyatsiz aytilishi shart. Allohning uzoqligi va yaqinligi o‘rtasidagi masofaning uzun-qisqaligi bilan izohlanmaydi, balki yaqinlik - bandaning mukarramligi, uzoqlik - uning xorligidir. Itoatkor odam Allohga yaqindir, lekin kayfiyyatsiz. Itoatsiz kimsa Undan uzoqdir, lekin kayfiyyatsiz. Yaqinlik, uzoqlik, yuzma-yuz bo‘lish, jannatda yonma-yon bo‘lish, Uning huzurida turish kabilarni kayfiyyatsiz, deb bilish zarurdir, ya'ni qanday holatda bo‘lishi bizga ma'lum emas.

Qur'oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan va mushaflarimizga yozilgandir. Uning barcha oyatlari fazilat va ulug‘likda Allohning kalomi bo‘lgani uchun barobardir. Ammo ba'zi oyatlarning o‘qilishi o‘zi fazilatli bo‘lsa, boshqalari undagi zikr etilgan narsalar sababli fazilatga egadir. Masalan, «Oyatul-Kursiy»da Allohning ulug‘ligi, buyukligi va sifatlari zikr etilgan. Demak, unda ikkita fazilat jam bo‘lgan - zikr va mazkur fazilatlari. Kofirlar to‘g‘risida kelgan oyatlarda faqat zikr fazilati bo‘lib, mazkur qayd etilganlar kofirlar bo‘lganlari uchun ikkinchi fazilat tushib qoladi. Shuningdek, Allohning ism va sifatlari fazilat va ulug‘likda barchasi tengdir, bir-biridan bu jihatdan farq etmas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ota-onalari fitrat (islomiy tabiat - islom)da vafot etganlar. Amakisi Abu Tolib kofirlik holida olamdan o‘tgan. Qosim, Tohir, Ibrohim - Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘illari, Fotima, Zaynab, Ruqayya va Ummu Kulsum - qizlaridir.

Har kimga tavhid va aqida ilmiga doir biror mushkul masala uchrab qolsa, to biror olimni topib, so‘rab, aniqlab olguniga qadar: «Allohning nazdida to‘g‘ri bo‘lganiga e'tiqod qildim», - deb turishi zarur. Olimni izlashda taxir etmagay (kechiktirmagay). Taxirga qo‘ysa uzri qabul etilmas. Agar izlashdan to‘xtasa, kofir bo‘lur.

Me'roj voqeasi haq va rostdir. Har kim uni inkor etsa, u zalolat va bid'at ahlidir.

Dajjol va Ya'juj-Ma'jujning chiqishlari, Kuyoshning kun botar tomonidan chiqishi, Iso (a.s.)ning osmondan tushishlari va boshqa qiyomat alomatlari sahih xabarlarda zikr etilganidek haq va rostdir.

Alloh taolo O'zi xohlagan bandasini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etgay!

Abdulaziz Mansur tarjimasi


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.