background
logotype
image1 image2 image3

Imom Tahoviy. Al-Aqidatut-Tahoviya

 Mehribon va rahmli Alloh nomi ila

Hamdu sano olamlar Parvardigoriga xosdir!

Ushbu risolada biz Imom A'zam, Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) kabi mashhur sohib mazhab fuqaholarimiz e'tiqod qilgan «Ahli Sunna val-Jamoa» aqidalarini bayon etamiz.

Allohning tavhidi to‘g‘risida uning tavfiqi bilan chin dildan e'tiqod qilgan holda quyidagilarni aytamiz va ularga ishonamiz:

 

«AL-AQIDATUT-TAHOVIYA» RISOLASI

Muallifi — Abu Ja’far Ahmad ibn Muhammad at-Tahoviy.
238 hijriy/858 milodiy yilda Misrning Taho nomli qishlog‘ida tug‘ilib, 321 hijriy/933 milodiy yilda Qohirada vafot etganlar.
Hanafiy mujtahidlarining eng yiriklaridan. Tafsir, hadis, fiqh, aqoid, tarix va boshqa fanlarda zamonasining peshvosi bo‘lganlar. 

Alloh birdir, Uning sherigi yo‘qdir, Uning tengi va timsoli yo‘qdir, Uni yengadigan va ojiz qoldiradigan biror kuch yo‘qdir, Undan o‘zga iloh yo‘q. U qadimdirki, ibtidosiz va doimiydirki, intihosiz. U foniy emas va aslo yo‘q bo‘lmas. Barcha ish faqat uning iroda-xohishi bilan bo‘lur. Uning mohiyatiga aql yetmas. Uning hikmatini hech bir kimsa fahm etmas. U odamlarga o‘xshamas. Tirikdir - o‘lmas, qoyimdirki, uxlamas. U yaratuvchidir, lekin O'zi behojat. Rizq beruvchidir, lekin O'zi haq olmas. U o‘ldiruvchidir, lekin qo‘rqmas. Yana tiriltiruvchidir, lekin bemashaqqat. Barcha sifatlari hech nimani yaratmay turib ham mavjud bo‘lgan. Yaratgandan keyin Unga biror sifat qo‘shilib qolgan emas. Azaliy bo‘lgan sifatlari abadiy boqiy qolur. Xoliqlik sifatini olamni xalq etganidan keyin olgani yo‘q. U Parvardigordir, lekin o‘zi parvarishga muhtoj emasdir. O'zi Xoliqdir, maxluq emas. O'zi jon ato etgan maxluqlarini o‘lganlaridan keyin qayta tiriltirgay, lekin bu sifati tiriltirmay turib ham mavjud edi. U hamma narsaga qodir, hamma narsa Unga muhtojdir. Hamma ish Unga osondir. Biror narsaga zor emasdir. Uning o‘xshashi, tengi yo‘qdir. U eshituvchi va ko‘rinuvchidir. Barcha maxluqotni o‘z ilmi bilan bilib yaratgan va ularni o‘lchov va muddat bilan belgilab qo‘ygan. Ularni yaratmay turib ham hech narsa Unga maxfiy emas edi. Odamlarni yaratmay turib nima ishlarni qilishini bilgan. Bilib turib ularni itoat qilishga buyurgan, itoatsizlikdan qaytargan. Hamma narsa Uning taqdiri, xohishi bilan bo‘lur. Uning xohishi hamisha ustundir. Odamlarning xohishi Uning xohishiga bog‘liqdir. Ya'ni U nimani xohlasa bo‘ladi, xohlamagani bo‘lmaydi. Xohlagan bandasini o‘z xohishi bilan gunoh-ma'siyatlardan saqlab, hidoyat yo‘liga solib qo‘yadi. Xohlagan bandasini o‘z adli bilan adashgan holicha qo‘yib, yordamsiz qoldiradi. Hamma Uning yo fazliga yoki adliga uchrab turadi. Uning na aksi bor va na tengi. Uning qazo va taqdirini hech kim to‘sa olmaydi. Uning hukmi qat'iy va amri hamisha g‘olibdir. Bularning hammasiga imon keltiramiz.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning tanlagan quli va oxirgi payg‘ambaridir. Ul zotdan keyin qilingan har qanday payg‘ambarlik da'vosi yolg‘ondir. Ul hazrat barcha jin va Odam avlodlariga yuborilgan haqiqiy payg‘ambardirlar.

Qur'on - bu Allohning so‘zidir. Uning huzuridan Rasulullohga vahiy orqali so‘zma-so‘z nozil qilingan. Buni barcha mo‘‘minlar haq deb ishonmoqlari shartdir. Allohning kalomi inson kalomidek emas. Kimiki uni eshitganda inson so‘zi deb e'tiqod qilsa, dindan chiqib kofir bo‘lur. Bu haqda Allohning o‘zi Qur'oni karimda xabar berib: «Unday shaxsni Saqar do‘zaxiga solurman», - degan. Demak, Qur'on - bu insonning so‘zi emas, balki insonni ham yaratgan Xoliqning kalomi ekan. Kimiki Allohni ta'riflaganda, Uni insonga o‘xshatsa, kofir bo‘lib qoladi. Bunga ibrat nazari bilan boqmoq kofirlar e'tiqodidan hazar qilmoq va Uning barcha sifatlari inson sifatlariga o‘xshamaydi, deb bilmoq zarurdir.

Jannat ahli Allohning diydorini ko‘rurlar, lekin makon va kayfiyatsiz. Bunga ushbu oyat dalildurki: «Ushbu kun ba'zi kishilarning yuzlari Parvardigoriga qaragan holda xursanddurlar». Buning tafsiri va haqiqati Allohning irodasi va ilmiga havoladir. Hadisi shariflarda Allohning diydorini ko‘rish xususida kelgan xabarlarga beshak ishonamiz, lekin o‘zimizcha ta'vil yoki sharh qilmaymiz.

Allohga va Uning rasuliga taslim qilgan va bilmagan ilmini o‘z biluvchisiga topshirgan kishi haqiqiy ehtiyotkor mo‘‘min hisoblanadi. Islomning qadami ham Xoliqqa taslim etish va bo‘yinsunish bilan sabotli bo‘ladi. Bilish mumkin bo‘lmagan narsani bilaman, deb behuda urinish turli shubha va xayolotlarga olib keladi. Natijada unday odam haqiqiy tavhiddan uzoqlashib kufr bilan imon o‘rtasida sarson bo‘lib qoladi. Ya'ni vasvasaga giriftor bo‘lib - ishonuvchi mo‘‘minmi yoki ishonmaydigan munkirmi - diliga shak tushib qoladi.

Jannatda Allohni ko‘rish kayfiyyati xayol yoki fikr bilan belgilanmaydi, balki faqat ko‘rishlikni haq deb bilib, qanday va qanaqa degan savollardan ehtiyot bo‘lmoqlik zarur bo‘ladi. Zero, Parvardigorimiz vahdoniyat, ya'ni yagonalik sifati bilan sifatlangan. Bunday sifat birorta boshqa zotda yo‘qdir. U chegara, a'zo, asbob va maxluqotdek har olti tomon bilan sifatlanmaydi.

Me'roj voqeasini haq deb e'tiqod qilamiz. Alloh taolo Muhammad sallallohu alayhi vasallamni bir kecha uyg‘oqlik hollarida osmonga olib chiqib, O'zi xohlagan alomatlarni ko‘rsatgani haqiqatdir. Bu borada oyat va hadislar vorid bo‘lgan.

Qiyomat kuni Muhammad sallallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini Allohning marhamati bilan Havzi Kavsar suvi bilan mehmon qilishlarini ham haq deb e'tiqod qilamiz.

Payg‘ambarimizning gunohkor ummatlariga shafoat qilib, mag‘firat so‘rashlari ham haqdir.

Alloh taoloning Odam alayhissalom va uning zurriyotidan ahd-paymon olgani, ya'ni «Miysoq» ham haqdir.

Alloh taolo qiyomatda qancha odam jannatga, qancha odam do‘zaxga kirishini azaldan bilgan. O'sha adadning miqdori aslo kam yoki ziyoda bo‘lmaydi.

Bandalar dunyoga kelib nima ishlar qilishini ham Alloh taolo azaldan bilgan. Har bir insonni taqdiriga muvofiq ish qilib boradigan qilib qo‘ygan.

Barcha ishlar oqibati va natijasiga qarab baholanadi.

Taqdirda baxtli deb yozib qo‘yilgan odam haqiqiy baxtlidir. Shuningdek, taqdirda baxtsiz yoki badbaxt deb yozib qo‘yilgan inson haqiqiy baxtsizdir. Taqdir esa insonlardan sir tutiladi, u faqat Allohgagina ma'lumdir. Uni hatto, Allohga yaqin bo‘lgan farishtalar ham, payg‘ambarlar ham bilmaydilar. Taqdir to‘g‘risida chuqur xayol yurgizish yoki bahslashish behuda ishdir, balki tug‘yondir. Bundan juda hazar qilish zarur. Uni Alloh taolo o‘ziga xos ilm qilib, bandalarini taqdir to‘g‘risida fikr yuritishdan man etadi. Bir oyati karimada: «Alloh o‘zining qiladigan ishlaridan hech kimga hisobot bermaydi, balki odamlar Unga hisobot berurlar», deyiladi. Kimiki: «Nega Alloh bunday qiladi yoki nega unday qilmadi?» desa, Taqdir hukmini rad etgan bo‘lib, imondan ajrab qoladi.

Qalbi chin imon nuri bilan munavvar bo‘lgan, Allohga yaqin bandalarga kerakli ma'lumotlar shulardan iborat. Puxta ilmli deb ham shunday aqidaga ega bo‘lganlarga aytamiz. Zero, ilm ikki xil bo‘ladi. Birinchisi hammaga zohir va oshkora ilm, ikkinchisi g‘aybiy pinhona ilm. Zohiriy ilmlarni inkor etish yoki g‘aybiy ilmlarni bilishni da'vo etish kufr hisoblanadi. Zohiriy mavjud ma'lumotlarni qabul etish va g‘aybiy ilmlar da'vosini tark etish bilangina imon sobit turadi.

Allohning huzuridagi barcha narsalar taqdiri yozilgan Lavh va Qalamning haqligiga ham imon keltiramiz. Hamma xalq bir bo‘lib, Lavhi mahfuzdagi «bo‘ladi» deb qo‘yilgan ishni bo‘ldirmaslikka urinsalar ham aslo qo‘llaridan kelmaydi. Shuningdek, «bo‘lmaydi» deb yozib qo‘yilgan ishni ham bo‘ldira olmaydilar. Qiyomatgacha bo‘ladigan ishlarni qalam yozib bitirgan va siyohi qurib bitgan. Bir banda xato ish qilgan bo‘lsa, demak, u taqdir bo‘yicha shunday qilish kerak bo‘lgan, to‘g‘ri ish qilgan bo‘lsa ham xuddi shunday.

Har bir banda shuni yaxshi bilmog‘i kerakki, Alloh taolo barcha bo‘ladigan ishlarni oldindan bilgan va shu ilmiga binoan qat'iy taqdirini belgilab qo‘ygandir. Uning taqdirini o‘zgartirib qo‘yadigan biror kuch yo‘q. Yaratgan yeru osmonlarida biror nuqson yoki ortiqchalik yo‘q. Oyati karimada voridkim: «U har bir narsani o‘ziga munosib aniq o‘lchovi bilan yaratdi». Yana bir boshqa oyatda: «Allohning barcha ishi puxta o‘lchov bilandir» deyiladi.

Bas, kimiki azal taqdirida Allohning dushmani deb yozilib qolgan bo‘lsa, dili Alloh uchun erimaydigan toshbag‘ir bo‘lsa, o‘zining noqis aqli bilan g‘aybiy narsalarni bilishni da'vo qilsa va bu ishlari bilan yolg‘onchi nomiga sazovor bo‘lib osiy bo‘lsa, uning holiga voy!

Arsh, kursiy kabi ulkan mavjudotlarning borligi haq. Alloh ularga va boshqa narsalarga ham muhtoj emas, balki hamma katta-kichik bepoyon maxluqot va mavjudot uning qo‘lidadir.

Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni do‘stim degan, Muso alayhissalom bilan gaplashgan. Bularga tasdiq ila imon keltiramiz.

Farishtalarga, payg‘ambarlarga va ularga tushirilgan ilohiy kitob va sahifalarga imon keltiramiz. Payg‘ambarlarning hammasi ham to‘g‘ri va haq yo‘lda bo‘lganlar.

Bizning qiblamizga qarab namoz o‘qiguvchilarni musulmon sanayveramiz. Shart shuki, Muhammad sallallohu alayhi vasallam keltirgan barcha ma'lumotlarni e'tirof etadigan bo‘lsalar.

Allohning zoti to‘g‘risida chuqur fikr yuritmaymiz. Uning dini haqida ham bahsu jadal qilmaymiz. Qur'oni karim to‘g‘risida ham xuddi shunday. Qur'on Allohning kalomi, uni Jabroil alayhissalom olib kelib, Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ta'lim berganlar, deb imon keltiramiz. Qur'on so‘ziga teng keladigan so‘z yo‘q. Uni yaratilgan demaymiz. Allohning kalomi maxluq emas, balki uning lafzu harflari, qog‘oz va qiroati maxluq.

Musulmon jamoasiga muxolif bo‘lmaymiz. Qibla ahlini gunoh ish qilsalar ham kofir sanamaymiz, basharti uni gunoh ish ekanligini ko‘r-ko‘rona inkor etmasa.

Imonli kishiga qilgan gunohi mutlaqo zarar bermaydi ham demaymiz. Solih mo‘‘minlarning tavbalarini qabul etib, gunohlaridan o‘tib, jannatga doxil qiladi deb Alloxdan umid qilamiz. Ammo ulardan qat'iy xotirjam bo‘lib, jannatiy deb guvohlik bermaymiz.

Mo‘‘minlarning gunohkorlari haqqiga istig‘for aytamiz. Ularga Allohning azobi bo‘lishidan xavfsiraymiz. Ammo ularni Allohning rahmatidan noumid qilmaymiz. Allohning azobidan xotirjam bo‘lish va rahmatidan noumid bo‘lish islomdan begona qilib qo‘yadi. Haqiqat umid va qo‘rquv o‘rtasidadir. Mo‘‘min kishi imondan chiqishi uchun imonga kirishiga sabab bo‘lgan narsalarni inkor etgan bo‘lishi kerak.

Imon - bu Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam Alloh tomonidan keltirgan barcha ma'lumotlarni til bilan iqror qilib, dil bilan tasdiqlashdir.

Rasululloh (s.a.v.) orqali bizga yetkazilgan barcha shariat ahkomlari va izohlarini haq deb bilamiz.

Imon bir butun yaxlit ma'naviy narsadir. Imon ahli bu jihatdan barobardirlar. Mo‘‘minlar bir-birlaridan Allohdan qo‘rquvda, taqvoda, nafsni tiyishda va boshqa amallarda farq qilurlar.

Mo‘‘minlarning hammasi Rahmonning do‘stlaridir. Uning nazdida kim itoatkorroq va Qur'onga amalni ziyoda qiladiganroq bo‘lsa, o‘sha inson boshqalardan aziz va mukarramroqdir.

Imon - bu Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, qiyomat kuniga, Allohning yaxshi-yomon taqdiriga va o‘lgandan keyin tiriltirishiga ishonmoqlikdir. Biz shularning hammasini haq deb ishonamiz, payg‘ambarlarning hech birini ajratmay, kitoblarini tasdiq etgan holda imon keltiramiz.

Muhammad sallallohu alayhi vasallamning mo‘‘min ummatlaridan katta gunohlarni qilganlari tavbasiz o‘tgan bo‘lsalar ham do‘zaxda abadiy qolmaydilar. Ammo imonli vafot etgan bo‘lishlari shart. Ularning ishlari Allohning xohishiga havola. Xohlasa fazlu karami bilan kechib yuboradi. Xohlasa adli bilan azoblaydi. So‘ng yana ularni o‘z rahmati va ulug‘larning shafoati bilan qutqarib, jannatga doxil qiladi. Buning hikmati shuki, Alloh taolo o‘zini tanib, imon keltirganlar bilan inkor etganlarni barobar qilib qo‘ymaydi. Zero, u mo‘‘minlarni do‘st tutgan. Binobarin, ularni gunohlaridan pok etib, oxiri ahli jannat qilur. Iloho, qadamlarimizni islomda sobit etgin!

Har qanday solih va fojir imom orqasida iqtido qilib namoz o‘qishni joiz deb bilamiz. Yaxshi-yomon musulmonga ham janoza o‘qiyveramiz. Mo‘‘minman deb yurganlarni qat'iy jannatiy yoki do‘zaxiy deb aytmaymiz. Ularni to aniq belgisi zohir bo‘lmaguncha kofir, mushrik yoki munofiq deb guvohlik bermaymiz. Ularning zohiriga qarab musulmonchilik muomalasini qilaveramiz, botinlarini Allohga havola etamiz.

Muhammad sallallohu alayhi vasallam ummatidan hech kimga nisbatan qilich ko‘tarishni joiz ko‘rmaymiz. Shariat vojib qilgan had jazolari bundan mustasno.

Podsholarimiz, rahbar amaldorlarimizga qarshi, garchi zulm qilsalar ham xuruj qilmaymiz, ularni duoi bad ham etmaymiz. Itoatdan bosh tortmaymiz. Ularga itoat etishni Allohga itoat etish jumlasidan, ya'ni farz deb bilamiz. Gunoh-ma'siyat ishlarga buyursalargina itoat etmaymiz. Ularning haqqiga duoi xayr qilib turamiz.

Sunnat va jamoatga ergashamiz. G'ayri tabiiy odatlar, xilof, tafriqadan qochamiz. Adolatli, omonatli kishilarni do‘st tutamiz. Zulm va xiyonat ahlini yomon ko‘ramiz. Bizga ravshan bo‘lmagan shubhali ishlarni Allohning ilmi va ixtiyoriga havola qilamiz.

Safarda va vatanda poyafzallarga mash tortishni joiz deb bilamiz. Bu xususda hadislar bor.

Haj va jihod to qiyomatgacha musulmonlarning solih yoki fojir rahbarlari boshchiligida davom etadi. Ularni hech narsa bekor qilmaydi.

Amallarimizni yozib boruvchi (kiroman kotibin) farishtalar borligiga ishonamiz. Shuningdek, jon oluvchi farishta (Azroil a.s.)ga ishonamiz.

Qabrda ba'zi mustahiq kishilarga azob bo‘lishini, Munkar va Nakir degan ikki farishta kirib marhumdan Rabbi, dini va payg‘ambari haqida savol qilishini haq deb bilamiz. Qabr - bu kimgadir jannat bog‘laridan biri, kimgadir do‘zax quduqlaridan biridir.

Qiyomat kuni qayta tirilishimizga, amallarimizga muvofiq jazo va mukofot olishimizga, nomai a'mollarimizni o‘qishimizga, pulsirot ko‘prigi va amal tarozisiga, hozir ham mavjud, yo‘q bo‘lmaydigan jannat va do‘zaxga ishonamiz. Bu ikki manzilni hammadan oldin yaratib, ularga munosib o‘z ahllarini ham so‘ng xalq etdi. Har bir inson o‘zining boradigan manziliga loyiq ish qilib boradi.

Yaxshilik ham, yomonlik ham bandalarga azal taqdirda bitiklidir.

Alloh taolo hech kimni toqati va qudrati yetmaydigan ishga buyurmaydi. Toqat va qudrat esa faqat shu ishni bajarishda namoyon bo‘ladi. Ammo taklif sog‘lom odamga ishni bajarmasdan oldin yuborilishi mumkin.

Bandalarning qilayotgan ishlarini aslida Alloh yaratadi. Ularni toqatlari yetmaydigan ishga taklif qilmaydi. Ularning qudrati ham taklif etilgan narsagagina yetadi. Bu quyidagi kalimaning tafsiridirkim, «Lo havla va quvvata illo billoh»dir. Ma'nosi: «Allohga gunohkor bo‘lmaslikning hech chorasi yo‘q, magar Allohning yordami bilangina mumkindir. Allohga itoat qilishga hech kimning qudrati yetmas, magar Aplohning tavfiqi bilangina mumkin bo‘lur».

Har bir ish Allohning xohishi, ilmi, taqdiri bilangina bo‘lur. Allohning xohishi barcha xohishlardan ustundir. Qazo va qadari esa barcha hiyla va tadbirlardan g‘olibdir. Alloh o‘zi xohlagan ishni qila bilur. Lekin hargiz zulm qilmas. U har qanday yomonlik, aybu nuqsondan xolidir. «U qilayotgan ishidan hech kimga hisobot bermas, balki unga hisobot berilur!» («Anbiyo» surasi, 23-oyat)

Tiriklarning marhumlar uchun qiladigan duolari, sadaqa va ehsonlari foydadan xoli emasdir. Alloh taolo duolarni qabul etuvchi, hojatlarni ravo ko‘ruvchi zotdir. U hamma narsaga molikdir, Unga hech kim molik emasdir. Olamni bir lahza ham Xudosiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Kimki o‘zini Usiz mustaqil deb bir lahza tasavvur etsa, dindan chiqib halokat ahliga mansub bo‘lur. Alloh taoloning g‘azabi va rizosi bor, lekin bandalaridagidek emas.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning barcha sahobalarini do‘st tutamiz. Do‘st tutishda haddan oshib, shuhratparastlikka o‘tib ketmaymiz. Ulardan hech kimni dushman tutmaymiz. Ularni yomon ko‘ruvchilarni yomon ko‘ramiz. Ularga faqat yaxshi sifatlarni nisbat beramiz. Ularga muhabbat bog‘lashlik - bu din, imon, ehson belgisidir. Ularni yomon ko‘rishlik - bu kufr, nifoq va tug‘yon alomatidir.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng xalifalik ummatning afzali va peshvosi bo‘lmish Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga, so‘ng Umar Foruqqa, so‘ng hazrati Usmon zun

nuraynga, so‘ng Hazrati Ali Murtazo roziyallohu anhumga nasib bo‘ldi. Bu to‘rt xalifani «Xulafoyi roshidin», ya'ni to‘g‘ri yo‘l tutgan peshvo xalifalar deyiladi.

O'nta sahobani Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam jannat ahli, deb bashorat berganlar. Ular: Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Sa'd, Said, Abdurahmon ibn Avf va Abu Ubayda ibn Jarroh (roziyallohu anhum)dirlar.

Kimiki Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sahobalari va ayollarini turli yomon so‘zlardan poklab, yaxshi sifatlar bilan yod etsa, shuningdek, zurriyotlarini ham turli noshoyista sifatlardan himoya qilib zikr etsa, munofiqlik isnodidan o‘zini pok tutgan bo‘ladi.

Sahobalar va tobe'inlar ahli xayr, ahli fiqh, ahli rivoyat, ulug‘ martabali zotlardir. Ularni faqat yaxshilik bilan yod etish lozim. Kimiki ularga yomonlikni nisbat bersa, u o‘ta adashganlardan bo‘lur.

Avliyolardan hech birini payg‘ambarlarning hech biridan ortiq sanamaymiz, balki bitta payg‘ambar barcha avliyolardan afzaldir. Avliyolarning karomatlari haqdir. Bunga ishonchli rivoyatlar bor.

Qiyomat alomatlariga ham ishonamiz. Masalan, Dajjolning chiqishi, Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, quyoshning g‘arb tomondan chiqishi, Yer hayvonining chiqishi kabilar.

Folbinlar so‘zini tasdiq etmaymiz. Qur'on, hadis va ijmoi Ummatga xilof gaplarni qabul qilmaymiz.

Jamoatni haq va to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Tafriqani zalolat va azob deb bilamiz. Allohning dini Yerda ham, osmonda ham bir, ya'ni islom dinidir. Bu din o‘rtahol, mukammal, ommabop dindir. Mana shular bizning ichki va tashqi aqidamiz va dinimizdir. Shularga xilof qiluvchilarga biz muxolifmiz.

Alloh taolodan hammamiz uchun imonda sobit qadamlik, imon bilan o‘tishlik, turli botil aqidalardan saqlanishlik, Ahli Sunna val-Jamoada barqaror bo‘lishlikni so‘raymiz. Barchamizga tavfiq ato etgay!

Abdulaziz Mansur tarjimasi


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.