background
logotype
image1 image2 image3

Imom Nasafiy. Aqoidi Nasafiya

 Mehribon va rahmli Alloh nomi ila

«Ahli Sunna val-Jamoa» atalmish islomiy-aqidaviy yo‘nalish ulamolarikim, ularni «Ahli haq» ham derlar, shunday demishlar:

Barcha mavjud narsalar haqiqatan voqelik va mohiyatga egadir va ularni bilib olish va idrok etish mumkindir. Sufastoiya oqimi bunga xilof qilurlar va ayturlarki, mavjudotning barchasi garchi bizga bordek ko‘rinsa-da, aslida yo‘q narsalar bo‘lib, ular xayoliy va vahmiy hissiyot mahsulidan o‘zga narsa emasdir.

 

«AQOIDI NASAFIYA» RISOLASI

 Muallifi — Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy. Vafoti 537 hijriy yil. Yuzga yaqin kitob yozgan. 550 nafar olimlardan saboq olgan va ularga bag‘ishlab alohida bir kitob bitgan. Ushbu «Aqoid» risolasi to‘qqiz asrdan beri moturidiya aqidasi bo‘yicha madrasalarda qo‘llanma tarzida foydalanib kelmoqda.

Mavjudot va maxluqotlarni bilish va idrok etish vositalari uchtadir, sog‘lom sezgi a'zolari, ishonchli xabar va aql.

1.  Insondagi sezgi a'zolari. Ular besh xildir: eshitish, ko‘rish, hid bilish, ta'm sezish va badan orqali sezish a'zolari. Bularning har biri qaysi vazifa uchun tayin etilgan bo‘lsa, o‘sha bilangina chegaralanadi (ya'ni ko‘z bilan eshitib bo‘lmaganidek, quloq bilan ham ko‘rib bo‘lmaydi).

 2. Ishonchli xabar. U ikki xildir:

1. Mutavotir sanalgan xabar. U shunday xabarki, ko‘pchilik og‘zidan eshitilgan bo‘lib, ular o‘zaro yolg‘on gap tarqatishga kelishib olishlari mumkin bo‘lmagan kishilar bo‘lishi kerak. Bundan hosil bo‘lgan bilim «ilmi zaruriy» («qat'iy ilm») deb ataladi. Masalan, o‘tgan zamonlarda yashagan podshohlar, uzoq masofadagi mamlakatlar borligi haqidagi xabarlar va hokazo.

2. Mo‘‘jiza bilan quvvatlantirilgan payg‘ambar xabari. U istidloliy (dalilli) ilmni paydo qiladi.

Uning vositasi bilan bilinadigan ilm ishonch va sobitlikda mazkur «ilmi zaruriy»ga tenglashadi.

3. Aql. U ham bilim vositasidir. Uning vositasida darhol bilinadigan ilm ham «ilmi zaruriy» deb ataladi. Masalan, har bir narsa o‘zining bo‘laklaridan kattaligi darhol anglashilgani kabi. Aqliy dalil bilan bilinadigan ilmga esa «iqtisobiy» yoki «kasbiy ilm» deyiladi. Biror narsaning mohiyatini anglab yetishda ilhom bilim vositasi bo‘la olmaydi.

Olam o‘zining barcha ashyosi bilan birgalikda hodisdir. Ya'ni qachondir yaratilgandir. Zero, olam murakkab va murakkab bo‘lmagan mustaqil jismlar hamda mustaqil bo‘lmagan, balki boshqa jismlarga suyanib turuvchi jismlardan iboratdir. Mustaqil va murakkab jismlar uchun misol sifatida katta va kichik mavjudotlarni hamda mustaqil bo‘lmagan sifatlarga esa ranglar, ta'm va hidlarni keltirish mumkin. Ya'ni qizil olmaning o‘zi mustaqil, uning rangi esa g‘ayri mustaqil. Zero, u olmadan ayri holda tura olmaydi.

Olamning yaratuvchisi Allohdir. U yakkayu yagona, qadim, tirik, qudratli, bilimli, eshituvchi, ko‘ruvchi, xohlovchi, iroda etuvchikim, ashyolardagi foniy sifatlar Unda yo‘qdir. U jism ham, javhar ham emas. Yana u tasvirlanuvchi ham, chegaralanuvchi ham, sanaluvchi ham emas. U qismlarga bo‘linuvchi va bo‘laklardan tarkib topgan ham emas. U cheksiz va nihoyasizdir. U qanday, qanaqa, nima deb so‘ralmaydi. U biror makonda qaror olib turuvchi emas. Unga vaqt, zamon daxldor emas. Biror narsa Unga o‘xshamas. Uning bilim va qudrat doirasidan hech narsa tashqariga chiqmas.

Uning mustaqil, azaliy sifatlari borkim, ular Allohning O'zi ham emas, O'zidan o‘zga ham emasdir. Ular: ilm, qudrat, hayot, quvvat, eshitish, ko‘rish, iroda, xohish, yaratish, rizq berish, gapirish kabi O'ziga xos sifatlardir.

Alloh o‘ziga xos kalom bilan so‘zlar. So‘zlash uning azaliy sifatidir. Uning kalomi harflar va tovushlar jinsidan emas. Uning bu sifati sukut va turli ofatlardan xolidir. Alloh shu sifati bilan gapiruvchidir, u bilan buyuruvchi, taqiqlovchi va xabar beruvchidir.

Qur'on - Allohning kalomi. U maxluq (keyin yaratilgan) emas. U mushaflarimizga bitiluvchi, qalblarimizda yod olinuvchi, tilimizda qiroat qilinuvchi, quloqlarimiz bilan eshitiluvchidir. Lekin o‘sha joylarga kirib o‘rnashib qoluvchi emas.

Takvin (paydo etish) Allohning azaliy sifatidir. U bu sifati bilan butun olamni barcha qismlari bilan o‘ziga munosib vaqtlarda yaratgan. Takvin sifatini bizning aqidamiz bo‘yicha Allohga nisbat berilganda «paydo etilgan» deb emas, balki «paydo etuvchi»deb bilish kerak bo‘ladi.

Iroda ham Allohning azaliy mustaqil sifatlaridan. Allohdan qo‘rqish aqlan mumkin. Naqliy (Qur'on va hadisda mavjud) dalillarga binoan ham qat'iydir.

Mo‘‘minlarning oxiratda Alloh taoloni ko‘rishlari xususida qat'iy xabarlar eshitilgan. Ko‘rinish biror makonda yoki biror muqobil tomonda bo‘lmaydi. Shuningdek, ko‘z nurining yetib borishi yoki Alloh bilan ko‘ruvchi o‘rtasida qandaydir masofa bo‘lishi ham mumkin emas. (Demak, ko‘rish haq, lekin holati to‘g‘risida bahs yuritish mumkin emas).

Bandalarning barcha fe'l-harakatlari - xoh ular qufr, xoh imon bo‘ladimi, toat yoki gunoh-ma'siyat kabi ishlardan bo‘ladimi - ularni Alloh taolo o‘z irodasi, xohishi, hukmi, qazosi va taqdiri bilan yaratadi.

Bandalarda ixtiyoriy fe'l va harakatlar bor. Ular sababli savob yoki gunoh orttiradilar.

Bandaning qilgan amallaridan ezgulisi Allohning rizosi bilan, yomoni esa Uning roziligidan tashqari holda ijro etiladi.

Insonning toqat va qudrati uning biror ishni bajarishi bilan belgilanadi. Mana shu har qanday ishga sarf qilinadigan kuch-qudratning haqiqatidir. Toqat so‘zi vosita va asboblarning sog‘lomligiga qarab o‘z tasdig‘ini topadi. Allohning taklifi (buyruq va taqiqlari) ham shu toqat va imkoniyat chegarasidan tashqari qilinmaydi.

Biror insonni birov urganda hosil bo‘ladigan og‘riq yoki biror inson shishani sindirganda hosil bo‘ladigan siniq va shunga o‘xshash narsalarning hammasini Alloh yaratadi. Bunda bandaning yaratish ta'siri yo‘qdir.

Qatl etilgan murda ham o‘z ajali bilan o‘lgan hisoblanadi. Ajal - bir.

Harom ham rizq hisoblanadi. Har bir inson o‘z rizqini - xoh u halol bo‘lsin, xoh u harom - to‘la iste'mol qiladi. Biror inson o‘z rizqini yemadi yoki uning rizqini birov yeb qo‘ydi, deb tasavvur qilinmaydi.

Alloh taolo xohlagan bandasini zalolatga va xohlagan bandasini hidoyatga yo‘llab qo‘yar. Bandaning foydasini ko‘zlab ish qilish Allohning zimmasiga vojib emas.

Qabrda Allohning ilmi va irodasiga ko‘ra kofirlarga va ba'zi gunohkor mo‘‘minlarga azob berilishi, shuningdek, toat-ibodatli kishilarga rohat ato etilishi, Munkar va Nakir ismli farishtalarning mayit bilan savol-javob qilishlari naqliy dalillar (oyat va hadislar) bilan isbotlangan. Bundan tashqari bu aql jihatidan ham mumkin ishlardandir.

O'lgandan keyin (qiyomatda) qayta tiriltirish, amallarini tarozida tortish, nomai a'mol, savol-javob, Havzi Kavsar, Pulsirot, jannat va do‘zax to‘g‘risidagi xabarlarning barchasini haq va rost, deb bilurmiz. Jannat bilan do‘zax hozir ham mavjud va ularning o‘zi ham, unga tushganlar ham boqiy bo‘lurlar, foniylik ko‘rmaslar.

Gunohi kabira (shirk va kufrdan boshqa ulkan gunoh) mo‘‘min kishini imondan chiqarib, kufrga kiritmas. Alloh taolo o‘ziga shirk keltirishni kechirmagay. Undan boshqa katta va kichik gunohlarni xohlagan bandasi uchun kechirur.

Kichik gunoh uchun jazo va katta gunoh uchun afv belgilanishi mumkin. Bunda gunohni halol, deb e'tirof qilmagan bo‘lish shartdir. Harom va gunoh deb qayd etilgan shar'iy hukmlarni halol demoq kufr hisoblanadi.

Gunohi kabira qilib o‘tgan mo‘‘minlarni afv etilishini Allohdan so‘rab payg‘ambarlar va solih, ahli xayr zotlarning shafoat qilishlari haqdir. Bu xususda oyat va hadislar mavjuddir. Mo‘‘min kishilar gunohi azimlari bo‘lsa ham do‘zaxda abadiy qolmaydilar.

Imon - bu Alloh tomonidan kelgan barcha xabarlarni til bilan iqror va dil bilan tasdiq etishdir. Amallar esa ko‘payib-ozayib turadi. Imon esa ko‘paymaydi ham, kamaymaydi ham (balki uning nuri ziyoda va kam bo‘lib turadi). Imon bilan islom so‘zlari (lug‘aviy jihatdan farqli bo‘lsa-da), bir xil ma'noda ishlatilaveradi. Bandada mazkur tasdiq bilan iqror topilsa, u «Men haqiqatan mo‘‘minman» - deyishi durust bo‘ladi. «Men, inshoalloh, mo‘‘minman» - deyishi mumkin emas.

Baxtli odam ba'zan baxtsiz, shuningdek, baxtsiz odam ba'zan baxtli bo‘lib qolishi mumkin. O'zgarish bandaning sifatlari bo‘lmish baxt va baxtsizlikda namoyon bo‘ladi. Baxtli qilish va baxtsiz qilishda emas. Zero, bu ikkisi Alloh taoloning sifatlaridan. Allohning o‘zida ham, sifatlarida ham o‘zgarish ro‘y bermaydi.

Payg‘ambarlarning yuborilishida hikmat bor. Alloh taolo bashardan payg‘ambarlar chiqarib, basharga yuboradi. Ular xushxabar beruvchi, ogohlantiruvchi, odamlarning dunyoviy va diniy ishlarida muhtoj bo‘ladigan narsalarni bayon qilib beruvchidirlar. Alloh taolo ularni turli mo‘‘jizalar bilan quvvatlagan.

Payg‘ambarlarning birinchisi Odam (a.s.), oxirgisi Muhammad (s.a.v.)dir. Payg‘ambarlarning adadi ba'zi hadislarda rivoyat qilingan. Lekin ularni muayyan adad bilan chegaralanmaganlari afzal. Alloh taolo aytgan: «Ulardan ba'zilarining qissalarini Sizga aytdik. Ba'zilarining qissalarini esa, Sizga aytmadik» («G'ofir» surasi, 78-oyat). Adadlari zikr etilgan taqdirda payg‘ambar bo‘lmagan kishining ularga qo‘shilib qolishi yoki payg‘ambar bo‘lgan kishini ular safidan chiqarib qo‘yish xavfi bor. Ularning barchasi Allohning buyruqlarini xalqqa yetkazuvchi, sodiq va nasihatgo‘y zotlar bo‘lishgan.

Payg‘ambarlarning afzali - Muhammad (s.a.v.). Farishtalar Allohning bandalaridir. Uning barcha Buyruqlarini to‘la bajaradilar. Ular erkaklik yoki ayollik jinsi bilan sifatlanmaydilar.

Alloh taoloning payg‘ambarlariga nozil qilgan kitoblari borkim, ularda o‘zining buyruq va taqiqlarini, va'dayu tanbehlarini bayon etgan.

Rasululloh (s.a.v.) uyg‘oqlik hollarida jismonan samoga ko‘tarilib, undan Alloh xohlagan oliy makonlarga ko‘tarilib sayr qilgan kechalari (Me'roj kechasi) haq va rostdir.

Avliyolarning karomatlari haqdir. Uzoq masofani oz muddatda bosib o‘tish, zarur hollarda oziq-ovqat, kiyim va boshqa narsalarning hozir bo‘lishi, suv yuzida yurish, havoda uchish, jonsiz narsalar bilan so‘zlashish, balo-ofatlarning daf bo‘lishi, dushmanlarni dog‘da qoldirish kabi ishlar valiylik darajasiga yetgan kishidan zohir bo‘lsa karomat, payg‘ambarlardan sodir bo‘lsa mo‘‘jizadir. Hech bir valiy o‘z diyonatida sodiq va payg‘ambarining barhaq elchi ekanligiga iqror bo‘lmaguncha chin valiy bo‘la olmaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan keyin Abu Bakr, so‘ngra Umar Foruq, so‘ngra Usmon Zunnurayn, so‘ngra Ali ibn Abi Tolib (r.a.)durlar. Xalifaliklari ham shu tartibda kechgandir.

Xalifalik - o‘ttiz yildir. Undan so‘ng esa podshohlik va amirlik davri kelur.

Musulmonlar uchun hukmlarni joriy qilish, hadlarni barpo etish, hojatlarini ravo qilish, lashkarlarini jihozlash, sadaqotlarini yig‘ish, zo‘ravonlik, o‘g‘rilik va qaroqchilikni bostirish, juma va hayit namozlarini barpo etish, fuqarolar o‘rtasida chiqqan nizo va kelishmovchiliklarni bartaraf etish, haq-huquqlarini himoya qilish uchun berilgan guvohliklarini qabul etish, egalari yo‘q sag‘ir va sag‘iralarni (etimlarni) turmush qurishlarini ta'minlash, o‘ljalar taqsimi va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun imom (podshoh) lozimdir.

Shuningdek, podshoh odamlar ko‘zidan maxfiy va kuttirib qo‘yuvchi emas, balki ochiq ko‘rinib yuruvchi bo‘lishi lozim. Yana u Quraysh qabilasidan bo‘lishi shart. Boshqadan bo‘lishi mumkin emas. Bani Hoshim va Ali avlodiga ham xos emas. Yana podshoh gunohlardan pok bo‘lishi yoki zamonasining eng afzal odami bo‘lishi ham shart emas.

Lekin u barkamol rahbarlik egasi, siyosatdon, ahkomlarni tatbiq ettiruvchi, doril islom hududini muhofaza qiluvchi, zolimdan mazlum haqqini undirib beruvchi bo‘lishi shart.

Namozni har qanday solih va fosiq imom ortida unga iqtido qilib o‘qish mumkin, shuningdek, har qanday solih va fosiq musulmonga janoza namozi o‘qish joizdir.

Sahobalar haqida faqat yaxshi gap gapirishga ruxsat etiladi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tomonlaridan jannatiy deb bashorat berilgan o‘n nafar sahobiylarning jannat ahlidan bo‘lishlariga biz ham guvohlik beramiz. (Ular - Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Sa'd, Sa'id, Abdurahmon, Abu Ubayda roziyallohu anhum.)

Vatanda ham, safarda ham poyafzal uzra mash tortishni joiz deb bilamiz.

Xurmo shirasidan tayyorlangan sharob(sharbat)ni harom demaymiz.

Avliyolar payg‘ambarlarning darajalariga yeta olmaydilar.

Hech bir banda Allohning buyruq va taqiqlari zimmasidan soqit bo‘ladigan holatda bo‘lmaydi.

Oyat va hadislar (nusus)dan, modomiki, biror qat'iy dalil monelik qilmasa, zohiriy mazmun olinaveradi.

Zohiriy ma'nolari qolib, «Botin ahli» iddao qilgan yot talqinlarga o‘tib ketish dinsizlikdir. Nususni rad etish esa kufrdir.

Gunohni halol deb bilish kufrdir. Uni yengil deb bilish ham kufrdir.

Shariatni masxara qilish kufrdir.

Kimki Alloh taoloni Unga loyiq bo‘lmagan sifatlar bilan sifatlasa yoki ismlaridan, buyruqlaridan birortasini masxara qilsa yoxud Uning va'dasi yoki va'idini inkor etsa, kofir bo‘lur.

Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lish kufrdir. Shuningdek, Uning azobidan xotirjam bo‘lish ham kufrdir.

Kohin - folbinning g‘ayb to‘g‘risida bergan xabarini tasdiqlash kufrdir.

Yo‘q narsa - narsa emas.

Marhumlar haqqiga qilingan tiriklarning duolari va sadaqa-ehsonlarida ular uchun foyda bor. Alloh taolo duolarni ijobat, hojatlarni ravo qilur.

Payg‘ambarning (s.a.v.) qiyomat alomatlaridan deb bergan xabarlari - Dajjol, Yer maxluqi, Ya'juj va Ma'jujlarning chiqishlari, Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, Quyoshning kun botar tarafdan chiqishi kabilarning barchasi haq va rostdir.

Mujtahidlar gohida xatoga ketib, gohida to‘g‘ri ijtihod qiladilar.

Farishtalarning payg‘ambarlaridan insonlarning payg‘ambarlari afzaldir. Oddiy insonlardan farishtalarning payg‘ambarlari afzal. Oddiy farishtalardan oddiy insonlar afzaldir.

Iloho, aqidamizni O'zingning roziligingga muvofiq ravishda isloh et!

Abdulaziz Mansur tarjimasi 


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.